Tezkor shaxmat (rapid va blits) bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati joriy yil dekabr oyining so‘nggi kunlarida poytaxtimizda o‘tkazilishi mumkin.
Yaqinda FIDE komissiyasi vakillari poytaxtimizga kelib, tegishli majmualar, zarur ob’ektlar bilan tanishib ketdi. Lekin hali ushbu jahon chempionati Toshkentda o‘tkazilishi bo‘yicha shartnoma imzolangani yo‘q. FIDE shartnomani jo‘natgan. Lekin hali mablag‘ masalasida kelishuvga erishilmagan.
Reglamentga binoan FIDE jahon chempionatining 50 foizini ko‘tarishi kerak. O‘zbekiston tomoni esa qolgan qismini. Ushbu jahon chempionati aslida Hindistonda o‘tkazilishi kerak edi. Ammo, ko‘pchilik shaxmatchilar, FIDE ijroiya qo‘mitasi vakillari musobaqani Toshkentda yoki Dubayda o‘tkazish taklifini ilgari surgan. Bu borada moliyaviy masalalar o‘z yechimini topsa, tezkor shaxmat bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati poytaxtimizda uyushtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur jahon chempionati o‘tgan yili Qozog‘istonning Almati shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Unda Magnus Karlsen ham rapid, ham blits yo‘nalishida jahon chempionligiga erishgan.
T.Ro‘ziyev, O‘zA