Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning 1-2 noyabr kunlari mamlakatimizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston va Fransiya yetakchilari ikki tomonlama aloqani kelgusida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga asoslangan qo‘shma bayonot qabul qildilar.

Hujjatda qayd etilishicha, 1993 yil 27 oktyabrda O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganining 30 yilligiga to‘g‘ri kelgan Fransiya rahbarining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatda yangi sahifa ochmoqda.

Tomonlar O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi munosabatini strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish niyatida yuqori darajadagi global hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida hukumatlararo aloqani faollashtirishga, umumiy manfaatlarga ega barcha sohalarda uzoq muddatli strukturaviy loyihalarni ilgari surishda davom etishga qaror qilishdi.

Bayonotning asosiy mezonlari ikki tomonlama sheriklikni yanada chuqurlashtirish orqali ijobiy istiqbolni belgilashga yo‘naltirilgan. Fransiya tomoni “O‘zbekiston – 2030» Strategiyasini amalga oshirishda ko‘maklashishga hamda demokratiya va qonun ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan islohotlarni yanada qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirgan.

Ikki davlat xalqaro xavfsizlik sohasida yuzaga kelayotgan tahdid va xatarlarga qarshi samarali kurashish borasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanligi ham aytilgan. Shuningdek, xavfsizlik tuzilmalari o‘rtasida aloqani yanada rivojlantirishga kelishib olindi.

Madaniyat va meros sohasida 2022-2023 yillarda Luvr muzeyi va Parij Arab dunyosi institutida tashkil etilgan ikkita ko‘rgazma natijalarini inobatga olgan holda, tomonlar Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan Madaniy meros Milliy instituti o‘rtasida hamkorlikni o‘rnatish orqali madaniy merosni qayta tiklash sohasidagi aloqani yanada rivojlantirishga qaror qilishdi.

O‘zbekiston va Fransiya, shuningdek, 2021 yil 6 yanvardagi Ahdlashuv deklaratsiyasiga muvofiq, Toshkentda O‘zbek-Fransuz madaniyat markazini tashkil etish borasidagi ishlarni davom ettiradi. Ta’lim sohasida Samarqandda “Fransuz Alyansi” ochilishi qo‘llab-quvvatlandi hamda O‘zbekistonda fransuz tilini o‘qitishni qo‘llab-quvvatlash, fransuz tili darajasini rasmiy attestatsiyadan o‘tkazish, o‘qituvchilar malakasini oshirishga ko‘maklashish va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash maqsadida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.

O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi savdo va investitsiyani rivojlantirish, xususan barqaror rivojlanishga alohida e’tibor qaratish muhim. Yashil energiya, yuqori texnologiyalar, strategik foydali qazilmalar, suv va shahar xo‘jaligi, transport, infratuzilma va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarini rivojlantirish maqsadida iqtisodiy shartnomalar imzolandi.

O‘zbek-Fransuz iqtisodiy palatasi tashkil etilgani ham katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Iqtisodiyotning barcha sohalarida, xususan, 2018 yildan buyon ikki mamlakatda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Hujjatga ko‘ra, 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy “Yo‘l xaritasi” asosida quyidagi tarmoqlarda, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida ustuvor amalga oshirish yoki boshlash tuzilmaviy loyihalar ro‘yxatini tuzishga kelishib olindi. Shu jumladan, energetika va elektr energiyasini taqsimlash, geologik qidiruv, suv resurslarini boshqarish, transport, turizm va tog‘ ob’ektlari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, innovatsion texnologiyalar sohalarida hamkorlik jadallashtiriladi.

Savdo va investitsiyani rag‘batlantirish borasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Fransiya hukumatlararo komissiyasi, Fransiya korxonalari harakatining “MEDEF International” faoliyati qo‘llab-quvvatlandi. Bayonotda, shuningdek, tomonlar Fransiya taraqqiyot agentligi guruhi bilan O‘zbekistonda amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar portfeli 1,3 milliard yevroga yetgani ko‘rsatildi.

Agentlik ishtirokida amalga oshirilayotgan shahar infratuzilmasi, “yashil” iqtisodiyot, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv boshqaruvi kabi qator tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha muhim dasturlar e’tirof etiladi. Fransiya tomoni O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik, barqaror rivojlanish va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini ta’minlash borasida olib borayotgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi.

Qo‘shma deklaratsiyada, shuningdek, ko‘p tomonlama hamkorlik, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, uning ixtisoslashgan muassasalari hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda boshqa xalqaro tashkilotlar, tegishli mintaqaviy tuzilmalar doirasida o‘z harakatlarini muvofiqlashtirishga tayyorligi ko‘rsatilgan.

Tomonlar xalqaro huquqning asosiy tamoyillariga, xususan, BMT nizomida belgilangan hududiy yaxlitlik, suverenitet, mustaqillik va xalqaro tan olingan chegaralar daxlsizligi, barcha davlatlarning tashqi aloqalarda kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik hamda nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha majburiyatiga qat’iy sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi. O‘zbekiston va Fransiya BMT Bosh Assambleyasida BMT nizomining buzilishi yuzasidan ovoz berishdan oldin yaqindan maslahatlashadilar. Global oziq-ovqat mahsulotlari va yadro xavfsizligi, kelajakdagi ekologik ofatlarning oldini olishning muhimligi ham ko‘rsatilgan.

Yana bir bandda esa ikki davlat O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar rivojini muhokama qilgani aytiladi. Tomonlar o‘zaro aloqani yanada mustahkamlash hamda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqani yaxshilash bo‘yicha YeIning “Global Gateway” strategiyasini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston va yevro-tuzilma o‘rtasidagi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning muhimligini ta’kidladi.

Hujjatda qayd etilishicha, 2022 yil 17-18 noyabrda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo o‘zaro bog‘liqligi: barqaror rivojlanish uchun global darvoza” mavzusidagi xalqaro anjuman natijalarini ko‘rib chiqish hamda 2024 yilning ikkinchi choragida mamlakatimizda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” birinchi to‘laqonli sammiti xususida ma’lumot berilgan.

Hujjat muhim masalalarga murojaat etarkan, ikki davlat iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, uning oqibatlariga moslashish choralarini ko‘rish va Parij kelishuvi majburiyatlarini to‘liq, samarali amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlarni kuchaytirishdan manfaatdor ekanligini ma’lum qiladi.

Fransiya Prezidenti O‘zbekiston tomonidan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni olqishladi hamda Orol dengizi ekotizimini saqlab qolish va uni rivojlantirishga hissa qo‘shish bo‘yicha Fransiya taraqqiyot agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlarga e’tibor qaratdi. Jumladan, yashil, kam uglerodli va barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlikni jadallashtirish, inson va atrof-muhitni uyg‘unlashtirishga birgalikda ko‘maklashishga kelishib olindi.

Ikki davlat rahbarlari BMT Xavfsizlik Kengashining 2593-sonli rezolyutsiyasini to‘liq amalga oshirish muhimligini qat’iy takrorlaydi. Bu borada oliy darajadagi maslahatlashuvlar davom ettiriladi.

Mazkur hujjat doirasida amalga oshiriladigan ishlar bisyor. Ikki tomonlama hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Davlat rahbarlari kelishuvlari bu boradagi harakatlarni yanada jadallashishga olib keladi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA