Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Peru poytaxti Lima shahrida o‘tkaziladigan Jahon chempionatida ishtirok etish uchun Janubiy Amerikaga jo‘nab ketdi.
Dunyoning yuzga yaqin davlatlaridan mahoratli yosh sportchilar ishtirok etishi kutilayotgan mazkur nufuzli musobaqada Jo‘rabek Zoirov murabbiyligidagi 6 nafar sportchimiz yurtimiz sharafini himoya qiladi.
– O‘smirlar o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon chempionati og‘ir atletikaga yangi nomlar kirib kelish va haqiqiy polvonlar sportining yuksalish bekati hisoblanadi. Aynan ushbu yosh toifasidagi sportchilar og‘ir atletikaning kelajagi sanaladi. Tajribadan ma’lum, chempionlikka da’vogar sportchilar o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqalarda kashf etiladi. Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari Ruslan Nurudinov, Akbar Jo‘rayev katta sport maydonidagi ilk muvaffaqiyatiga o‘smirlar o‘rtasidagi chempionatlarda erishgan. Shu jihatdan, Peruda bellashuvlarga hozirlanayotgan o‘smirlarimiz Ruslanu Akbarlarning izdoshlari sifatida o‘z so‘zini aytishiga ishonamiz, – deydi O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi Olim Mahmudov.
Eslatib o‘tamiz, Lima supachasida yurtimiz sharafini o‘g‘il bolalardan Ruslan Rahmatjonov (-81), Bekzod G‘ofurjonov (-89), Omadillo Olimov (+102), o‘smir qizlardan esa Lyudmila Elefteriadi (-55), Marjona Abdumutalova (-59) hamda Dilnoza Fayzullayevalar (-71) himoya qilishadi.
Chempionat 22-26 may kunlari bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA