FOTOREPORTAJ
Nukus shahridagi 1-bolalar va o‘smirlar sport maktabida “Besh tashabbus olimpiadasi” ikkinchi mavsumidan o‘rin olgan sportning voleybol turi bo‘yicha “Ichki ishlar kubogi” uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi o‘yinlari o‘tkazildi. Unda barcha shahar va tumanlardan, jami 600 nafardan ziyod sportchi ishtirok etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 16-21 yoshli o‘g‘il bolalar bahsida Mo‘ynoq tumani jamoasi birinchi, Qorao‘zak tumani sportchilari ikkinchi, chimboylik yoshlar uchinchi o‘rinni egalladi. 16-21 yoshli qizlar o‘rtasida esa Taxiatosh tumani sportchilari birinchi, Mo‘ynoq tumani jamoasi ikkinchi, ellikqal’alik qizlar uchinchi o‘ringa loyiq deb topildi.
22-26 yoshli erkaklar o‘rtasida Shumanay tumani jamoasi g‘olib bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Ellikqal’a tumani sportchilari va uchinchi o‘rin qorao‘zaklik voleybolchilarga nasib etdi. Ushbu yoshli xotin-qizlar bahsida to‘rtko‘llik sportchilar birinchi, Ellikqal’a tumani jamoasi ikkinchi, Mo‘ynoq tumani sportchilari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA