Bugun, 6 noyabr kuni futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasining navbatdagi tur uchrashuvlari boshlanadi. Unda “Nasaf” o‘z maydonida “Sharja”ni qabul qilsa, “Navbahor” Eronda “Nassaji Mazandaran”ga qarshi maydonga tushadi. Shuningdek, “OKMK” ham Eron poytaxtida “Sepaxon” mehmoni bo‘ladi.

Tehron shahrida o‘tkaziladigan “Nassaji Mazandaran” va “Navbahor” uchrashuvi Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi. “Navbahor” klubi uchrashuvda oq rangli libosda harakat qiladi. Hozirda “D” guruhida Namangan jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. O‘tgan turda “Nassaji Mazandaran” ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng ushbu klub ochkolarini 7 taga yetkazib oldi. Ushbu guruhda yetakchilik qilayotgan “Al-Hilol”da ham 7 ochko mavjud. Har ikki jamoa guruhdagi o‘rinlari to‘plar nisbatiga ko‘ra taqsimlanmoqda. “Al- Hilol” hozirda raqiblar darvozasiga 10 ta gol urib, o‘z darvozasidan bitta to‘p olib chiqqan bo‘lsa, “Navbahor”ning gollar nisbati 6/2 bo‘lib turibdi. Guruhda uchinchi o‘rinda “Nassaji Mazandaran” 3 ochko bilan borayotgan bo‘lsa, “Mumbay Siti”da umuman ochko yo‘q.

Albatta, guruhdagi vaziyat Namangan jamoasi uchun qoniqarli, deyish mumkin. Bugun bo‘lib o‘tadigan o‘yinda va “Mumbay Siti”ga qarshi bahsda g‘alaba qozonsa, “Navbahor” uchun deyarli navbatdagi bosqich yo‘llanmasi hal bo‘lishi oydinlashadi. Biroq guruh g‘olibligi “Al-Hilol” bilan o‘yinda aniq bo‘ladi. “Al-Hilol”da ham shunday vaziyat.

O‘zbekiston Superligasida hamon g‘oliblik uchun kurashayotgan “Nasaf” klubining Osiyo chempionlar ligasidagi imkoniyatlari ham yuqori bo‘lmoqda. Qarshidagi bugungi o‘yinda “Nasaf” “B” guruh yetakchisi “Sharja”ni qabul qiladi. Mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da start oladigan ushbu o‘yin natijasi mezbonlar uchun o‘ta muhimdir.

“Nasaf” hozirda guruhda 6 ochko bilan ikkinchi o‘rinda borayotgan bo‘lsa, “Sharja” 7 ochko jamg‘argan holda karvonboshilik qilmoqda. Ularni “Al-Sadd” 4 ochko bilan ta’qib qilishda davom etayotir. “Al-Faysali” esa 0 ochko bilan navbatdagi bosqich umidini uzgan. Bugungi o‘yinda “Nasaf” uchun g‘alaba o‘ta muhim. Aslida “Sharja”ni durang ham qoniqtiradi. Biroq oldinda har ikki jamoani “Al-Sadd” va “Al-Faysali” bilan o‘yinlar kutib turibdi. Shu tariqa, bu guruhda ham shiddatli bahslar so‘nggi turga qadar davom etishi kutilmoqda.

Olmaliqning “OKMK” jamoasi 4-turi doirasida Eronning “Sepaxon” klubiga qarshi o‘tadigan Tehrondagi ikkinchi uchrashuv soat 23:00 da start oladi. “S” guruhidagi holat haqida gapiradigan bo‘lsak, “OKMK” guruhdan chiqish imkoniyatini deyarli yo‘qotdi. Bu yilgi musobaqa olmaliqliklar uchun omadsiz o‘tmoqda. Asosiy tarkibdagi yo‘qotishlar, kutilmagan jarohatlar “OKMK”ning oldiga qo‘ygan maqsadlarni amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymadi.

Hozirda, “Al-Ittihod” 6 ochko bilan guruhni boshqarayotgan bo‘lsa, “Sepaxon” va “Air Fors” 4 ochko jamg‘argan holda navbatdagi bosqich uchun kurashni davom ettirmoqda. “OKMK” esa, afsuski, bir ochko ham to‘play olmasdan to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Albatta, bugungi o‘yinda Olmaliq jamoasi g‘alaba uchun maydonga tushishi kerak. Bu jamoada hali imkon bor. Biroq boshqa uch klub ochko yo‘qotishi va qolgan barcha o‘yinlarda “OKMK” zafar quchishi shart. Shunda ham ochkolar soni 9 taga yetadi va ikkinchi pog‘onadan joy olish uchun biroz imkoniyat tug‘iladi. “Sepaxon”ga imkoniyatni boy berib qo‘ysa, “OKMK”ning bor e’tibori O‘zbekiston kubogi finaliga qaratiladi.

Darvoqe, “OKMK” va “Nasaf” bugun ko‘k rangli libosda maydonga tushadi. Mazkur o‘yinlarda jamoalarimizga omad tilab qolamiz.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA