Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Majlis avvalida parlament quyi palatasi Spikeri N.Ismoilov o‘tgan hafta davomida bo‘lib o‘tgan muhim siyosiy jarayonlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, Prezidentimizning «Bir makon, bir yo‘l» uchinchi xalqaro forumidagi ishtiroki va unda ilgari surilgan vazifalar, 2024 yil uchun davlat byudjetining asosiy yo‘nalishlari hamda tarmoq va hududlarda amalga oshiriladigan vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidagi vazifalar, O‘zbek tili bayrami o‘tkazilgani, o‘zbek tilining mavqeini oshirish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar haqida batafsil to‘xtaldi:

— Shu yil 17-18 oktyabr kunlari mamlakatimiz rahbari «Bir makon, bir yo‘l» uchinchi xalqaro forumida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Pekin shahrida bo‘ldi. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida milliy manfaatlardan kelib chiqib, turli xalqaro loyihalar va tashabbuslar doirasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratib kelmoqda. Jumladan, «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi ham mohiyat e’tibori bilan xalqimiz, O‘zbekiston hamda mintaqamiz manfaatlariga to‘la mos keladigan muhim va ochiq platforma desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari «Bir makon, bir yo‘l» uchinchi xalqaro forumidagi nutqida bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. O‘zbekiston “Yashil ipak yo‘li” doirasida keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Ta’kidlash joizki, Prezidentimiz nutqi xorijiy ekspertlar va tahlilchilar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi. Ekspert-tahlil doiralar mamlakatimiz rahbari ilgari surgan tashabbuslar «Bir makon, bir yo‘l» konsepsiyasini mintaqaviy rivojlanishning aniq dasturlari bilan boyitganini alohida qayd etmoqda.

Prezidentimiz nutqida xalqimiz manfaatlaridan kelib chiqib, o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim takliflar va tashabbuslarni bildirdi. Jumladan, iqtisodiyot tarmoqlarini «yashil» taraqqiyot talablari asosida rivojlantirish maqsadida «Yashil» taraqqiyot dasturi»ni ishlab chiqish taklif etildi.

Shuningdek, mintaqa mamlakatlarida yuqori ekologik standartlarni joriy etish uchun O‘zbekistonda «Yashil» moliyalashtirish» jamg‘armasini ta’sis etish tashabbusi ilgari surildi. Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan barcha g‘oyalar, tashabbuslar va takliflar nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqamizning «yashil» kelajagini barpo etishga qaratilgani bilan ham nihoyatda muhim ahamiyatga ega, — dedi Spiker.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA