Raqamli texnologiyalar vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturi hamkorligida sun’iy intellekt sohasida imkoniyatlarni rivojlantirish va mamlakatning tayyorgarlik darajasini oshirishga bag‘ishlangan «AILA in Uzbekistan Workshop» seminar tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekistonning raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasidagi yutuqlari, shuningdek, barqaror rivojlanish yo‘lida xalqaro hamkorlikning ahamiyati muhokama qilindi. Seminarni Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov va BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman ochib berdi.

«Oxford Insights» kompaniyasining katta maslahatchisi Sulamaan Rahim tadbirda sun’iy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha global indeksda O‘zbekistonning joriy ko‘rsatkichlarini batafsil tahlil qildi.

Seminarda raqamli yondashuv, sun’iy intellektning barqaror rivojlanishga ta’siri, uning boshqaruvi va etikasi kabi masalalar bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi, deyiladi Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotida.

M.Hojiakbarova, O‘zA