O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Italiyaga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Italiya Ichki ishlar vaziri Matteo Pyantedozi bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Italiya Respublikasiga rasmiy tashrifida imzolangan “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi bo‘yicha Italiya tomonining taklifiga binoan amalga oshirildi.
Uchrashuvda tomonlar 2023 yil iyun oyida Rim shahrida imzolangan O‘zbekiston va Italiya hukumatlari o‘rtasida ichki ishlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida Bitim ijrosiga e’tibor qaratdi.
Tomonlar terrorizm, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi hamda boshqa turdagi transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, huquq-tartibot hamda raqamli texnologiyalarni sohaga tatbiq etishda idoralararo muvofiqlashtirish mexanizmini yaratish hamda o‘zaro tajriba almashish, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi masalalarni muhokama qildi.
Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish borasida istiqbolli vazifalar belgilab olindi.
Tashrif jarayonida delegatsiya a’zolari Italiya Davlat politsiyasi hamda Milliy politsiya Akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
N.Abdurimova, O‘zA