O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 oktyabr kuni AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) administratori Samanta Pauer boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Delegatsiya Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSHning vazirlar darajasidagi taraqqiyot masalalari bo‘yicha uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonda USAID bilan hamkorlikda sog‘liqni saqlash, ta’lim, “yashil” energetika, agrobiznes va boshqa yo‘nalishlarda bir qator loyihalar ro‘yobga chiqarilgani va davom ettirilayotganini ta’kidlash joiz.
Suhbat chog‘ida joriy yilning sentyabr oyida Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan “S5+1” formatidagi davlat rahbarlari sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.