Ular orasida O‘zA muxbiri ham bor.

Pekin shahrida “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro loyihasi jurnalistlari uchun maxsus press-tur tashkil etildi. 11-25 oktyabr kunlariga belgilangan, Xitoy jurnalistlar assotsiatsiyasi tomonidan uyushtirilgan ikki haftalik tadbir XXR tomonidan ilgari surilgan “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro tashabbusining 10 yilligiga bag‘ishlangan.

Anjumanning birinchi kuni “Do‘stlik” mehmonxonasida “Bir makon, bir yo‘l” jurnalistlari forumi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda qatnashgan turli davlatlar media mutaxassislari mazkur tashabbus istiqboli xususida fikr almashdi. Bugungi global o‘zgarishlar davrida jurnalistikaning muhim roli e’tirof etilib, mintaqalar hamkorligini uyg‘unlashtiruvchi muhim tashabbuslar mazmunini keng jamoatchilikka yetkazish usullari tahlil qilindi.

Dasturga muvofiq, yosh jurnalistlar uchun uyushtiriladigan seminarda dunyoning turli burchaklaridan kelgan boshlovchi mutaxassislarga Xitoydagi OAV va kommunikatsiya tizimining hozirgi holati, tashabbus taraqqiyoti va yutuqlari tushuntiriladi.

Eslatib o‘tamiz, shu oy Pekinda “Bir makon, bir yo‘l” davlat rahbarlari ishtirokida uchinchi xalqaro sammit o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA