O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, quyidagilar sohani bosqichma-bosqich isloh qilishning ustuvor vazifalari etib belgilandi:

temir yo‘lda tashish xizmatlari bozorida raqobatni shakllantirish va jozibador investitsiya muhitini yaratish orqali tashish jarayonlariga xususiy investitsiyalarni jalb qilish;

temir yo‘l sohasini transformatsiya qilish va raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, xizmatlar ko‘rsatish jarayonining uzluksizligi, sifatliligi, xavfsizligi, barqarorligi va ishonchliligini ta’minlash; temir yo‘l korxonalarining moliyaviy holatini mustahkamlash, yo‘lovchi va yuk tashishda tannarx va xarajatlarni kamaytirish, operatsion samaradorlikni ta’minlash borasida hisobdorlik va rag‘batlantiruvchi muhitni yaratish;

tadbirkorlik sub’ektlari uchun temir yo‘l orqali yuk tashish xizmatini ko‘rsatuvchi vagon operatorlarini erkin tanlash huquqini ta’minlash;

temir yo‘l xizmatlarini ko‘rsatishda iqtisodiy va moliyaviy salohiyati yuqori bo‘lgan yo‘nalish va sohalarga mustaqil rivojlanish, shu jumladan mahalliy va xalqaro moliya bozorlariga chiqish hamda davlat ko‘magisiz kredit resurslarini jalb qilish uchun imkoniyat yaratish;

temir yo‘l sohasidagi davlat ulushi mavjud kompaniyalarda korporativ boshqaruv tizimini tubdan yaxshilash, sohaga malakali xorijiy menejerlar va mutaxassislarni jalb qilish.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va uning tarkibidagi korxonalar negizida 2024 yil 1 yanvarga qadar:

yo‘l xo‘jaligi, elektr ta’minoti, signallashtirish va aloqa, lokomotiv xo‘jaligi, yagona dispetcherlik markazi va yuk stansiyalari ish faoliyatini ta’minlash hamda mazkur infratuzilma ob’ektlarini rivojlantirish bo‘yicha “Temiryo‘linfratuzilma” AJ;

yuk tashish xizmatlarini amalga oshirish, yuk vagon va konteyner xo‘jaligini saqlash va rivojlantirish, multimodal “eshikdan eshikkacha” tashuvlarni yo‘lga qo‘yish, logistika markazlari va terminallarini tashkil etish bo‘yicha “Temiryo‘lkargo” AJ;

yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatini ko‘rsatish hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar xo‘jaligini saqlash va rivojlantirish bo‘yicha “Temiryo‘lekspress” AJ; “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ tarkibida vokzallar faoliyatini ta’minlash bo‘yicha “Temir yo‘l vokzallari” MCHJ va shahar atrofida yo‘lovchilar tashish bo‘yicha “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” MCHJ;

bolalar oromgohlari, sog‘liqni saqlash, madaniy-ma’rifiy va sport ob’ektlarini saqlash, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlardan tushadigan tushumlarni oshirish hamda ularni bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tkazish yuzasidan tizimli ishlarni amalga oshirish bo‘yicha “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi tashkil etiladi.

Tashkil etilayotgan aksiyadorlik jamiyatlari va muassasaning ta’sischisi etib xolding sifatida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ belgilanadi.

O‘zA