Poytaxtimizda 11-12 oktyabr kunlari Xalqaro qishloq ayollari kuniga bag‘ishlab “Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirishda xotin-qizlarning o‘rni” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda.

BMT Taraqqiyot dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Agrar xotin-qizlar assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu forumga Markaziy Osiyo va Turkiya davlatlaridan agrar sohadagi xotin-qizlar jalb qilingan.

Mazkur forum O‘zbekistonda 2019 yildan buyon 15 oktyabr — Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Xalqaro forumning ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyevaning forum ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaati va tabrigi tinglandi. Shundan so‘ng Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev, O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining bo‘lim rahbari Mindaugas Kaserauskis hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili v.b. Anas Qarman va boshqalar qishloq xo‘jaligida ayollarning o‘rni va ishtiroki, ularning sohadagi imkoniyatlarini oshirish, ayollar uchun agrobiznesni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirish kabi masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Qayd etilganidek, jahon qishloq xo‘jaligi ishchi kuchining muhim qismini tashkil etuvchi qishloq ayollari qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish, oziq-ovqat va uning xavfsizligida muhim o‘rin tutadi. Ammo shunga qaramay, ular butun dunyoda ham, O‘zbekistonda ham bir qancha muammolarga duch kelmoqda. Masalan, resurslardan foydalanishning cheklangani va qaror qabul qiluvchi organlarda kam vakolatlilik, mavjud gender tengsizligi oqibatlari kuchaymoqda.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yurtimizda qariyb 9 million ayol qishloq hududlarida istiqomat qiladi. Ular orasida qishloq xo‘jaligi sektorlarida faoliyat olib borayotganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Birgina yurtimizdagi mavjud 85 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklarining 6,5 foiziga ayollar rahbarlik qilmoqda. Ammo bu mavjud salohiyatga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi qayd etildi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi 23 ta ilmiy tadqiqot institutlarida ko‘plab olima ayollar faoliyat olib borayotgani, ular agrar sohani ilmiy jihatdan o‘rganish va tadqiq etishda jonbozlik ko‘rsatayotgani alohida e’tirof etildi.

Forumda qishloq xo‘jaligi sohasida ayollarning roli va motivatsiyasini oshirish orqali agrosektorda ayollarning salohiyatini yanada kengaytirish yuzasidan takliflar va fikr-mulohazalar bildirildi.

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili v.b. Anas Qarman o‘z nutqida O‘zbekiston hukumatining qishloq xo‘jaligi sohasida gender tengligini targ‘ib qilish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi: “Ayollar har doim bizning jamiyatimiz asosi bo‘lib kelgan. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasida ularning ishtirokini kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda. Ayollar O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi ishchi kuchining 40 foizidan ortig‘ini tashkil etib, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim barqarorligida muhim rol o‘ynaydi. Qishloq ayollarini qishloq xo‘jaligi faoliyatida yuksaltirish orqali biz nafaqat gender tengligi sari qadam tashlamoqdamiz, balki oziq – ovqat xavfsizligiga ham sarmoya kiritmoqdamiz” dedi.

Forum doirasida ekinlarning bioekologik xilma-xilligini o‘rganish va oziq-ovqat ishlab chiqarishda raqamli texnologiyalarni qo‘llash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash va birlamchi qayta ishlashda innovatsion yondashuvlar, barqaror rivojlantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, shu jumladan yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish kabi keng ko‘lamli mavzular bo‘yicha ochiq munozaralar olib borish ko‘zda tutilgan. Ushbu xalqaro anjuman respublikamizning turli hududlaridan taklif etilgan agrar sohadagi ayollar, olimalar, tadbirkorlar, oilaviy tadbirkor xotin-qizlar uchun o‘zaro tajriba almashish maydoni bo‘ladi.

Tadbirda O‘zbekiston ayollarining qishloq xo‘jaligiga qo‘shgan hissalarini aks ettiruvchi “Bunyodkor qishloq ayollari” nomli hujjatli film va iqlim o‘zgarishi muammolarini hal qilib kelayotgan qishloq ayollarining hikoyalarini o‘z ichiga olgan “Bugungi qishloq ayollari hikoyalari” nomli raqamli kitob taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro forum o‘z ishini davom ettirmoqda.

Muhtarama Komilova, Nosir Haydarov (surat), O‘zA