O‘zbekiston Prezidenti AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondonini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 may kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Jozef Votelni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik ayniqsa siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, texnologik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda jadal rivojlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

Uchrashuvda xavfsizlik, harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik sohalaridagi o‘zaro aloqalarga alohida e’tibor qaratildi.

Mintaqada barqarorlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurash, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

General J.Votel davlatimizrahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, AQSH Prezidenti D.Trampning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

AQSH joriy yil mart oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya yakunlarini yuksak baholashi va qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi.

Ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, Afg‘oniston va butun Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlari yo‘lida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratishi alohida ta’kidlandi.

Muloqot yakunida O‘zbekiston Prezidentining AQSHga kutilayotgan rasmiy tashrifi O‘zbekiston-Amerika hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishi, o‘zaro manfaatli hamkorlikni aniq amaliy mazmun bilan boyitishiga qat’iy ishonch bildirildi.

 

O‘zA