Kremlda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinga har doimgidek samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining bugungi holatini yuksak baholadi.
Tomonlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning jadal sur’atini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Ushbu oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik doirasida bir qator tadbirlar, shu jumladan Hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning to‘rtinchi yig‘ilishi, tibbiyot, rektorlar va hududlar forumlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ta’kidlandi.
Sanoat kooperatsiyasi jadal rivojlanmoqda. O‘zbekistonda Rossiya investitsiyalari hajmi oshib bormoqda.
Prezidentlar hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ekanini qayd etdilar. 4 oktyabr kuni Qozon shahrida o‘tgan uchinchi Hududlararo hamkorlik forumi yakunida 3,5 milliard dollarlik bitim va shartnomalar imzolandi.
Hududlar kesimida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yil bo‘yi o‘zaro tashriflar reja-jadvalini o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchrashuv chog‘ida Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash masalalari ham batafsil ko‘rib chiqildi.
Kuni kecha Butunrossiya ko‘rgazma markazida O‘zbekistonning yangilangan paviloni ochildi.
Prezidentlar tadbirlarga boy va serqirra madaniy-gumanitar hamkorlikni yuqori baholadilar. Muhim madaniy voqealar: Moskvada “Lazgi” milliy baleti premerasi, O‘zbekiston madaniyati kunlari, mamlakatimizda esa “Rossiya fasllari” loyihasi doirasidagi tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlari 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan Madaniy hamkorlik dasturini qabul qilishga kelishib oldilar.
Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Samimiy va do‘stona o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkalash borasidagi intilish qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.