O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 sentyabr kuni Berlin shahrida Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi shafeligida tashkil etilgan Iqtisodiy forum ishida ishtirok etdi.

Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashdi.

Germaniya tomonidan alohida topshiriqlar bo‘yicha federal vazir, Federal Kansler devoni rahbari Volfgang Shmidt, Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish federal vazirligi davlat kotibi Udo Filipp, Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi raisi Katrina Klaas-Myulxoyzer ishtirok etdi.

Bundan tashqari, forum ishida “CLAAS”, “Siemens Energy”, “Knauf”, “Linde”, “Papenburg”, “BayWa”, “WILO”, “IPEX-Bank”, “Commerzbank”, “AKA”, “Mangold Consulting”, “Deutsche Bahn”, “DB E.C.O.”, “Euler Hermes”, “Ernst Klett”, “SMS Group”, “Deutsche Bank”, “Evonik Industries”, “John Deere”, “BASF”, “Airbus” kabi Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari qatnashdi.

O‘zbekiston yetakchisi bugungi tadbir Germaniya biznesida Markaziy Osiyo mamlakatlari bozoridagi faoliyatini kengaytirishga qiziqish ortib borayotganidan dalolat ekanini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Investitsiyaviy, innovatsiyaviy va texnologik hamkorlik masalalari, yuqori texnologik tarmoqlarda, shuningdek, “yashil” energetika, xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, logistika va transport, kadrlar tayyorlash bo‘yicha kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ko‘rsatib o‘tildi.

– Biz sizlar bilan birgalikda mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha katta ish olib bormoqdamiz, samarali qo‘shilgan qiymat zanjirlari va minglab yangi ish o‘rinlarini yaratmoqdamiz. Biz ochiq muloqot uchun yangi maydonlar va doimiy platformalar paydo bo‘lishidan manfaatdormiz, – dedi Prezidentimiz.

Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlar rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qo‘shma loyiha va korxonalar soni ikki barobar ko‘paydi.

– Barchangiz ko‘p qirrali O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarini rivojlantirish uchun haqiqatda katta hissa qo‘shyapsiz, loyihalaringiz esa uzoq muddatli muvaffaqiyatli hamkorlikka misol bo‘la oladi. Men buni juda qadrlayman, – dedi davlatimiz rahbari.

Mamlakatimiz yetakchisi Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirishning ustuvor jihatlariga to‘xtalib, qator istiqbolli yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Bu, eng avvalo, kooperatsiyani rivojlantirish hamda Germaniya kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishdir. Davlatimiz rahbari xaridorgir sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezidentimiz O‘zbekistonda Germaniya yetakchi ishlab chiqaruvchilarining yuqori sanoat texnologiyalari bo‘yicha Markaziy Osiyo ko‘rgazmasini o‘tkazish taklifini bildirdi.

Sheriklikning eng muhim yo‘nalishlaridan biri – “yashil” energetika. O‘zbekiston rahbari muqobil energetikani rivojlantirish borasida germaniyalik hamkorlar bilan muvaffaqiyatli tajriba va istiqbolli kooperatsiya loyihalari borligini ta’kidladi.

Mintaqa darajasida “yashil” iqtisodiyot loyihalarini amalga oshirish uchun Germaniya muhandislik-loyihalashtirish markazlari va sanoat xoldinglari bilan hamkorlik dasturini ishlab chiqish va qabul qilish taklif etildi.

Prezidentimiz eng muhim xomashyo resurslari sohasida ularni qayta ishlashga ilg‘or texnologik yechimlarni jalb qilish va sanoat mahsulotlarining eksportini tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihalar muhimligini qayd etdi.

Oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

– Markaziy Osiyo ichki ehtiyojlarni to‘liq ta’minlash va Yevropa mamlakatlariga sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish uchun zarur salohiyatga ega, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu ma’noda, yurtimiz qishloq va suv xo‘jaligi sohalariga Germaniya kompaniyalarining energiya samarador va raqamli texnologiyalarini jalb qilishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Oziq-ovqat sohasida qo‘shma mintaqaviy tadbirlar o‘tkazish taklif qilindi.

Prezidentimiz transport va logistika borasidagi hamkorlikka ham to‘xtaldi. Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan samarali yo‘nalishlarni rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Transport loyihalarini ekspertiza jihatidan qo‘llab-quvvatlash uchun Germaniyaning yetakchi tashkilot va kompaniyalari mutaxassislarini jalb qilish taklifi bildirildi.

Malakali mutaxassislarni tayyorlash borasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash ko‘p qirrali O‘zbekiston-Germaniya hamkorligini rivojlantirishning muhim yo‘nalishi sifatida qayd etildi.

Yakunda davlatimiz rahbari O‘zbekistondagi ishbilarmonlik tashabbuslari va qo‘shma investitsiya loyihalariga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqlab, Markaziy Osiyo Germaniya biznesi uchun katta imkoniyatlar mintaqasi ekanini ta’kidladi.