Pedagogning o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi chog‘ida uning kasbiy faoliyatiga aralashish mumkin emas.

Pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, kuz-qish davrida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ta’lim tashkilotida navbatchilikka jalb etish, pedagogning zimmasiga tovarlar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan, lavozim maoshidan uning roziligisiz tovarlar va xizmatlar uchun mablag‘ ushlab qolish taqiqlanadi.

Bu me’yorlar Senatning qirq beshinchi yalpi majlisida muhokama qilingan  “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunda o‘z ifodasini topgan.

Mazkur qonun asosida pedagoglarning o‘z kasbiy faoliyatini yuritishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilib, ularning ijtimoiy himoyasi ta’minlanadi. Huquqlari amalga oshirilishi uchun kafolatlar berilishi orqali O‘zbekiston Respublikasida pedagogning maqomi tan olinadi.

Qonunda pedagoglar o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun ularning huquqlari qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.

– Biz bugun bir millat, bir davlat bo‘lib o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga erishishda aynan ta’lim-tarbiya strategik ahamiyatga ega, – dedi Senat Raisi Tanzila Norboyeva. – Bugungi kunda mamlakatimizdagi maktabgacha, umumiy o‘rta va oliy ta’lim muassasalarida jami 640 ming nafardan ziyod o‘z ishining jonkuyari bo‘lmish pedagoglar faoliyat olib bormoqda. Qonun birinchi navbatda ana shu millat fidoyilarining haq-huquqlarini, jamiyatdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, qolaversa, ular orqali millionlab farzandlarimizni qamrab olgan ta’lim dargohlarida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga, ta’lim-tarbiya sifati oshishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, qonunda pedagogik etika qoidalari, pedagoglarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ularning attestatsiyadan o‘tishi va malaka toifalari olishlari belgilanmoqda. Pedagogik etika qoidalari ta’lim tashkilotlari uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.

Yana eng muhim jihatlardan biri –  pedagogning mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha qoidalar mustahkamlanmoqda. Shuningdek, pedagoglarni ijtimoiy himoya qilish kafolatlari nazarda tutilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun kelgusida pedagogning jamiyatdagi maqomini yuksaltirish, uning faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish va kasbiy kamol topishi uchun sharoit yaratish hamda huquqiy kafolatlarni ta’minlashga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA