26 sentyabr kuni AQSH Mehnat vazirligi bolalar mehnatining eng yomon shakllari bo‘yicha hisobotini (“TDA Report”) e’lon qildi.

Unda davlatimiz tomonidan bolalar mehnatining eng yomon shakllarini bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlar samaradorligi bo‘yicha O‘zbekiston ketma-ket ikkinchi yil “sezilarli taraqqiyot”ning eng yaxshi toifasiga kirdi, deyiladi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotida.

2011 yilda O‘zbekiston “davlat tomonidan bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha hech qanday mazmunli sa’y-harakatlarni amalga oshirmagan” 4-toifaga kiritilgan edi.

2018 yilda AQSH Mehnat departamenti qarori bilan O‘zbekiston darhol “o‘rtacha” taraqqiyot bilan 2-toifaga, 2022 yilda esa “sezilarli taraqqiyot” toifasiga o‘tkazildi.

Oxirgi hisobotga ko‘ra, bu yil 131 davlat ichida O‘zbekiston Argentina, Kolumbiya va Kot-d`Ivuar bilan birgalikda “sezilarli taraqqiyot” maqomiga sazovor bo‘lgan atigi 4 davlat qatoridan joy oldi.

O‘zA