Senat yalpi majlisi davom etmoqda. Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva kuni kecha poytaxtimizning Sergeli tumanidagi omborxonada sodir bo‘lgan favqulodda hodisaga to‘xtaldi. Portlash oqibatida zarar ko‘rgan hamyurtlarimizga hamdardlik bildirdi.

– Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga binoan holat bo‘yicha zudlik bilan Hukumat komissiyasi ish boshladi. Hozirda komissiya holat sabablarini o‘rganish va talafotlarni bartaraf etish, jumladan jabrlanganlarga har taraflama yordam ko‘rsatish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Ishonamizki, tez fursatlarda hodisa oqibatlari to‘liq bartaraf etiladi.

Fursatdan foydalanib, bunday og‘ir damlarda matonat ko‘rsatayotgan qutqaruvchi – harbiylarimizga (Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Mudofaa, Milliy gvardiya xodimlariga), shifokorlarimizga, qolaversa jablanganlarga beminnat yordam qo‘lini cho‘zayotgan fidoyi hamyurtlarimizga, yosh volontyorlar harakatiga barcha senatorlar nomidan minnatdorchilik bildiramiz, – deydi T.Norboyeva.

N.Abduraimova, O‘zA