Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbariyati Shveysariya Konfederatsiyasining Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy bilan uchrashdi.

Tomonlar O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini rivojlantirish, ijtimoiy yordam dasturlarini takomillashtirish, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuvda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, mehnat migrantlari oilalarini qo‘llab-quvvatlash, aholining zaif qatlamlarini ish bilan ta’minlash, shu jumladan, internat bitiruvchilari, ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasbiy ko‘nikmalarga o‘rgatish masalasiga urg‘u berildi.

Ta’kidlanganidek, tizimda raqamlashtirishni tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Misol uchun, yolg‘iz keksalar bo‘yicha aniq ma’lumotlarning yo‘qligi ularning haqqoniy elektron bazasini tashkil etishni taqozo etmoqda.

Ana shularni inobatga olgan holda uchrashuvda ham ijtimoiy himoya tizimida raqamlashtirishni tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.

M.Qosimova, O‘zA