Favqulodda vaziyatlar vazirligi Sergeli tumanida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot berdi.

“Avval xabar berganimizdek, bugun, 28 sentyabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahar Sergeli tumani “Quruvchi” MFY Xonobod ko‘chasida joylashgan “Inter Logistics” MCHJga qarashli omborxonalar hududida chaqnash oqibatida yong‘in sodir bo‘lganligi to‘g‘risida FVBga xabar tushgan.

Shunga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari soat 02:48 da yong‘inga yetib borib, tezkor harakatlar natijasida, soat 05:02 da yong‘in qurshab olingan va soat 10:47 da batamom o‘chirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlariga asosan Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatni o‘rganish, ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tuzildi.

Yong‘in joyiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri – Fuqaro muhofazasi boshlig‘i A.Aripov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Bojxona boshqarmasi hamda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi xizmatlarning rahbarlari chiqqan.

Voqea joyida tegishli tashkilot va xizmatlar hamkorligida tezkor Shtab tashkil etildi.

Ushbu vaziyat oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda. Jabrlanganlarning asosiy qismi salomatligi yaxshi bo‘lgani uchun ularga ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.

Hodisa oqibatida yong‘in yaqinidagi ko‘p kvartirali uylarning birida bo‘lgan 2006 yilda tug‘ilgan 1 nafar fuqaro voqea joyida halok bo‘lgan.

Yong‘inni bartaraf etish ishlariga, FVV va boshqa tegishli tashkilotlardan jami 210 ta texnika va 2000 dan ortiq shaxsiy tarkib jalb qilindi. Dastlabki o‘rganish ishlariga ko‘ra, 15 ming kv.m omborxona maydonida yong‘in o‘chirilib, 30 ming kv.m maydoni saqlab qolindi.

Vaziyat to‘liq nazoratga olinib, hozirda uning oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv ishlari va moddiy zarar miqdorini aniqlash ishlari Toshkent shahar prokuraturasi, Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan hamkorlikda olib borilmoqda”, deyiladi ma’lumotda.

Sh.Mamaturopova tayyorladi.

O‘zA