Sergeli tumanida yuz bergan favqulodda holat sabablarini o‘rganish, ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi.

Farmoyish bilan Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida 16 kishidan iborat Hukumat komissiyasi tuzildi.

Komissiya zimmasiga uch kun muddatda omborxonada yuz bergan favqulodda holat sabablarini o‘rganish, ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish va jabrlanganlarga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish, favqulodda holat oqibatida zarar yetkazilgan har bir uy-joyni, jumladan, aholi xonadonlari, ko‘p qavatli uy-joylarning fasad qismlari, deraza va romlari hamda ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan boshqa bino va inshootlarga yetkazilgan zararlarni bartaraf etish bo‘yicha moddiy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi.

O‘zA