Italiyaning Rim shahrida Birlashgan millatlar tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) qarorgohida ilk marotaba chorvachilikning barqaror transformatsiyasiga bag‘ishlangan Butunjahon konferensiyasida ishtirok etayotgan mamlakatimiz vakili bu haqda xabar berdi.

Mazkur tadbirda O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi ko‘magida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi delegatsiyasi faol ishtirok etmoqda.

Tadbirda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotiga a’zo davlatlar vakillari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar, rivojlanish agentliklari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va xususiy sektor biznes vakillari, innovatsiyalar, yanada to‘yimli va xavfsiz mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘llari bo‘yicha taqdimot o‘tkazmoqda.

Konferensiyaning asosiy maqsadi atrof-muhitga minimal ta’sir ko‘rsatadigan arzon chorvachilik mahsulotlari va mahalliy sharoitga chidamli diversifikatsiyalangan chorvachilik tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shishdan iborat.

Muloqot davomida chorvachilikning global, mintaqaviy va milliy darajadagi barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida tarmoqni barqaror rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari bo‘yicha axborot va bilim almashinuvini ta’minlash, ilmiy, texnik va moliyaviy resurslarni safarbar etish hamda ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash borasida a’zo davlatlar o‘rtasida tajriba almashinuvi bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirda mamlakatimiz vakili ishtirokchilarga yurtimizda chorvachilik tarmog‘ida amalga oshirilayotgan islohotlarni tanishtirdi va o‘z takliflarini bildirdi.

Xususan, muhokama qilingan masalalar, jumladan, bioxilma-xillikni oshirish, yer va suv resurslariga bo‘lgan talabning ortib borishi va uning yechimini topishda kengroq muloqot zarurligini ta’kidladi.

Shu sababli kelgusidagi xalqaro loyihalarni amalga oshirish va moliyalashtirishda har bir mintaqaning tabiiy joylashuvi, demografik va iqtisodiy holatini hisobga olish lozimligini bildirdi.

O‘zbekiston tomoni chorvachilik sohasidagi muammolarni hal etishda xalqaro hamjamiyat bilan har tomonlama hamkorlik qilishga tayyor ekanligi xususida maxsus bayonot berdi.

O‘zA