Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida so‘zlagan nutqi aniq va amaliy tashabbuslarni ilgari surganligi bilan qalbimizni g‘urur va iftixorga to‘ldirdi.
Chunki bugun dunyoda geosiyosiy ziddiyatlar fonida sayyoramizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik va ishonchni tiklashga qaratilgan da’vatlar muhim ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida insoniyatni tashvishga solayotgan muammolarga va ularni yechish yo‘llariga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratdi.
Hech kimga sir emas, bugungi kunda dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilmoqda. Ana shunday murakkab sharoitda Orol dengizi fojiasiga qarshi kurashni davom ettirayotgan Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanmoqda. Global muammo bo‘lgan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida davlatimiz o‘z imkoniyatlari darajasida harakat qilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 19 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkilotining nufuzli minbaridan turib, jahon hamjamiyati e’tiborini Orol fojiasiga qaratgan edi. Shu o‘rinda, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan konstruktiv takliflar hamda tashabbuslar nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro jamoatchilik tomonidan ham katta qiziqish bildirilib, e’tirof etilayotganini alohida aytib o‘tish lozim. BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik Trast fondining tashkil etilishi, Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya qabul qilinishi shular jumlasidandir.
Birgina Orolbo‘yi hududidagi ekologik holatni yaxshilash borasida 2018 yilning dekabr oyidan hozirgi kunga qadar Orolning qurigan tubida 1,7 million gektardan ortiq maydonga saksovul, cherkes va boshqa sho‘rga hamda qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik urug‘lari sepildi va ko‘chatlari ekildi. Lekin fojia ko‘lami shu qadar kengki, uni kamaytirish uchun xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlashi juda muhimdir.
Yana bir og‘riqli masala global miqyosdagi suv yetishmovchiligi xavfidir. Keyingi 30 yilda mintaqamizda havo harorati bir yarim darajaga ko‘tarildi. Jon boshiga suv bilan ta’minlash darajasi 25 foizga, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi esa 40 foizga kamayishi kutilmoqda. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning ayrim mintaqalarida 2040 yilga borib suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj uch barobar oshadi.
Vaqt o‘tishi bilan iqtisodiy zarar yalpi mintaqaviy mahsulotning 11 foiziga yetishi mumkin. Shu jihatdan davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Zero, Markaziy Osiyoda suvni tejaydigan texnologiyalar platformasini yaratish jarayonida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – suv resurslari” mexanizmini ishga solib, eng ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va tatbiq qilish juda muhim vazifadir. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida ham suvni tejash bo‘yicha milliy dasturni ishlab chiqish rejalashtirilgan. 2024 yilda Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Xalqaro iqlim forumi doirasida jahonning yetakchi kompaniyalari ishtirokida suvni tejash borasidagi texnologiyalari ko‘rgazmasi ham o‘tkazilishi mintaqa davlatlari uchun ilg‘or texnologiyalarni jalb etishda qulay maydon vazifasini o‘taydi.
Muxtasar qilib aytganda, davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida so‘zlagan nutqi sessiya ishtirokchilari tomonidan yuksak baholandi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturi qo‘llab-quvvatlanishi, dolzarb global va mintaqaviy muammolarga yechim topish borasida ilgari surilgan tashabbus hamda takliflar muhim ahamiyat kasb etadi.
Kazbek ARTЫKOV,
O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, apparat rahbari.
O‘zA