Ozarbayjonning Boku shahrida para dzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan IBSA Gran-pri turniri mamlakatimizning matonatli sportchilari uchun omadli o‘tdi.
Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga reyting ochkolar taqdim etadigan mazkur musobaqada 32 ta davlat sportchilari qatnashdi.
Shiddatli bellashuvlar yakunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 6 ta oltin va 3 ta bronza, jami 9 ta medal bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Dovurxon Karomatov, Aloviddin Jo‘raqulov, Sherzod Namozov, Feruz Sayidov, Lobar Xurramova, Kumush Xo‘jayeva oltin medallarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Uljon Amriyeva, Feruza Ergasheva, Munisa Madrimova bronza medaliga ega chiqdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA