Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida oliy ta’lim sohasida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida muloqot va hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro anjuman davom etmoqda.

Tadbirda pedagog kadrlar salohiyatini oshirish, ilmiy hamkorlik va infratuzilmani takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirish, oliy ta’lim sohasida mintaqaviy hamkorlik, hududlarni bog‘lash, ichki mintaqaviy harakatchanlik masalalari bo‘yicha takliflar bildirildi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘z ma’ruzasida mamlakatimizda oliy ta’limning barcha uchun tengligi va uning ochiqligini ta’minlash, yoshlarni oliy o‘quv yurtlariga qamrab olish ko‘lamini kengaytirish, ta’lim muassasalari bazasini mustahkamlash, oliy ta’lim tizimiga qabul jarayoni shaffofligini ta’minlash va ta’lim sifatini oshirish borasida erishilgan natijalar haqida ma’lumot berdi.

– Pedagogika va metodika yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash hamda malakasini oshirish bo‘yicha umumiy platforma yaratilishi lozim, – deydi Ibrohim Abdurahmonov. – Shu bilan birga, xususiy, akademik va moliyaviy mustaqil oliy ta’lim muassasalari faoliyatini rivojlantirishda Qozog‘iston va Qirg‘iziston tajribasini o‘rganish, bunda ular bilan hamkorlikni mustahkamlash ham yaxshi samara beradi.

Anjumanda Qozog‘iston oliy ta’lim va fan vaziri Nurbek Sayasat, Qirg‘iziston oliy ta’lim va fan vaziri o‘rinbosari Abazbek Rasul, Tojikiston oliy ta’lim va fan vaziri Hamro Rahim oxirgi yillarda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar va xalqaro hamkorlikda olib borilayotgan ishlar haqida ma’ruza qildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining oliy ta’lim tizimlari o‘rtasidagi yaqin hamkorligini yanada kuchaytirish yuzasidan fikrlar bildirildi. Markaziy Osiyo ilmiy-innovatsion markazi yoki alohida sohalar kesimida umumiy ilmiy hamjamiyatlarni tashkil qilish orqali mintaqaviy muammolarni birgalikda hal etish, ilmiy va akademik almashinuvni ta’minlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA