Kecha Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining oliy darajadagi 78-sessiyasi boshlandi. Anjumanda, jumladan, BMT Xavsizlik Kengashi doimiy va muvaqqat a’zolari sonini ko‘paytirish masalasi ham ko‘tarildi. Xususan, AQSH Prezidenti minbarga chiqib, Qo‘shma shtatlar Xavfsizlik Kengashi tarkibini kengaytirish, jumladan doimiy va muvaqqat a’zolar sonini oshirish bo‘yicha boshqa mamlakatlar bilan ishlash niyatida ekanini ta’kidladi.
Darvoqe, Jo Bayden Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zo-mamlakatlari yetakchilari orasida Bosh Assambleya yig‘ilishiga kelgan yagona rahbar.
Tarkibni kengaytirish tashabbusi qator yetakchi davlatlar rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Masalan, Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida Tokio ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi:
– Dunyo sezilarli darajada o‘zgarmoqda. Bizga hozirgi vaziyatni aks ettiradigan Xavfsizlik Kengashi zarur. Yaponiya guruhga Afrika davlatlaridan birini kiritish sa’y-harakatini ma’qullaydi. Kelasi yil BMTning 80 yilligi nishonlanadi. Shu munosabat bilan hozirdanoq aniq harakatni boshlash kerak.
BMT XK a’zolari safini kengaytirish masalasi turli davlatlar tomonidan ancha vaqtdan buyon muhokama qilib kelinmoqda. Hozir mazkur tuzilmaga ya’ni yadro quroliga ega besh davlat – AQSH, Rossiya, Fransiya, Buyuk Britaniya va Xitoy a’zo. Global masalalarda konsensusga erishish uchun ushbu mamlakatlar tegishli qarorni to‘liq ma’qullashi shart. Mabodo, birgina a’zo davlat qarshi chiqsa ham qaror qabul qilinmaydi. Shu bois xalqaro hamjamiyat Kengash a’zolari barcha davlatlar manfaatini ifoda eta olmayotganini ro‘kach qilib, tuzulmani isloh qilish zarurligini ta’kidlamoqda.
Qolaversa, keyingi davrda yadro quroliga ega bir necha yangi davlat paydo bo‘ldi. Hindiston va Pokiston yadro aslahasiga ega ekani ayon. Binobarin, jahon matbuotida yana bir necha mamlakat shunday qurol yaratgani haqidagi xabarlar uchraydi. Tabiiyki, ushbu davlatlar ham xalqaro maydonda o‘ziga xos nufuzga ega ekanini uqtiradi.
Bundan tashqari so‘nggi 20-30 yil davomida qator davlatlar iqtisodiy jihatdan sezilarli muvaffaqiyatga erishib, xalqaro maydonda yuqori mavqega ko‘tarildi. Zero, Kengashda bu davlatlarning ham o‘rni bo‘lishi global miqyosidagi dolzarb masalalarga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkinligi taxmin qilinadi.
Hozir Xavfsizlik Kengashi a’zoligiga Lotin Amerikasidan Braziliya, Afrika qit’asidan Misr va JAR, Osiyodan Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Yevropa qit’asidan Germaniya da’vogar ekani aytilyapti.
S.Rahimov, O‘zA