Futbol xabarlari

Joriy hafta futbol ixlosmandlari uzoq vaqt kutgan musobaqalar boshlandi. Gap shundaki, bir qator taniqli futbolchilar mahalliy chempionatlarda o‘zlarini ko‘rsata olmayotgan bir paytda Osiyo chempionlar ligasi va Yevropa chempionlar ligasi musobaqalari start oldi. Bu esa ular uchun yaxshi imkoniyat.

Jumladan, ko‘plab futbol muxlislarining e’tibori OCHL guruh bosqichidagi bahslarga qaratildi. Ayniqsa, hamyurtlarimizning bu yil mazkur musobaqaga qiziqishi ancha ortdi.

Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichi birinchi tur uchrashuvlarida “Nasaf”, “OKMK”, “Navbahor” va “Paxtakor” kabi klublarimiz o‘zlarining ilk o‘yinini o‘tkazdi.

Dastlab, Iordaniyaning “Al-Faysali” klubiga qarshi o‘tgan o‘yinda Qarshi shahrining “Nasaf” jamoasi 0:1 hisobida g‘alaba qozonib, o‘z guruhi peshqadamiga aylandi. Tarkibida Neymar va boshqa futbol yulduzlari bo‘lgan mezbon jamoa “Al-Hilol” bilan o‘ynagan Namanganning “Navbahor” klubi g‘alabaga teng durrang qayd etdi. Bu o‘zbek futbol ixlosmandlarini quvontirdi. Ammo “Al-Ittihod” o‘z maydonida “OKMK”ni mag‘lub etgani, “Paxtakor” BAAning “Al-Ayn” klubiga yirik hisobda imkoniyatni boy bergani muxlislarni ranjitdi. Umid qilamizki, jamoalarimiz ikkinchi tur uchrashuvlarida o‘z o‘yinlarini yanada kuchaytirib, g‘alabaga erishadilar.

Shuningdek, OCHL guruh bosqichining “A” guruhidan o‘rin olgan “An-Nasr” klubi uchrashuvlari nafaqat Osiyo, balqi dunyo bo‘yicha katta qiziqishga sabab bo‘lmoqda. Bunga sabab esa Krishtianu Ronaldu ekani barchamizga ma’lum. Joriy mavsum Saudiya Arabistoniga kelgan futbol yulduzi o‘zining yorqin o‘yinlari bilan yangi jamoasiga muvaffaqiyat keltirmoqda.

Lekin, Chempionlar ligasining birinchi turidan o‘rin olgan “Persopolis” — “An-Nasr” uchrashuvida Ronaldu kutilgandek o‘yin ko‘rsata olmadi. Garchi “An-Nasr” safarda 0:2 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsada, Krishtianu Ronaldu 6,4 ball to‘plagan holda maydondagi eng yomon o‘yinchilar qatoridan joy oldi. U o‘yinda bor yo‘g‘i 27 bor to‘pga tegindi va darvozaga bir marotaba zarba berdi.

Endi esa Yevropa chempionlar ligasining ilk turida qayd etilgan natijalar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Mazkur musobaqaning “Ye” guruhidan o‘rin olgan “Latsio” va “Atletiko” o‘rtasidagi o‘yinda futbolda kam uchraydigan holat yuz berdi. Dastlab, 29-daqiqada Barrios hisobni ochgan bo‘lsa, 95-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda “Latsio” darvozaboni Provedel boshi bilan gol urib, jamoasini muqarrar mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Shu tariqa, “Atletiko” guruhda ikkinchi “Latsio” esa 3-o‘ringa joylashdi.

“F” guruhida “PSJ” o‘z maydonida “Borussiya Dortmund” ustidan ishonchli tarzda g‘alaba qozondi. O‘yinda Kilian Mbappe va Ashraf Hakimi raqib darvozasini aniq nishonga oldi. Shuningdek, “Manchester Siti” va “Srvena Zvezda” uchrashuvi 3:1 hisobida yakunlandi.

Yevropa chempionlar ligasini “Barselona”siz tasavvur qilish qiyin. Garchi so‘nggi yillarda ushbu klub yaxshi natija qayd etmayotgan bo‘lsada, klub muxlislarining bu yilgi chempionatdan umidlari katta. Bu yilgi bahslarni “G” guruhida boshlagan kataloniyaliklar ilk uchrashuvda “Antverpen” ustidan 5:0 hisobida g‘alaba qozondi.

O‘yinda Felish dubl qayd etgan bo‘lsa, Levandovski va Gavi bir martadan darvozani aniq nishonga oldi. Shuningdek, Yelle o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qildi. Ushbu g‘alabadan keyin kataloniyaliklar o‘z guruhida peshqadamga aylanib oldi.

YeCHL guruh bosqichida “Milan” — “Nyukasl” uchrashuvi 0:0 hisobi bilan yakunlandi.

Bugun, 20 sentyabr kuni guruh bahslari doirasida “Galatasaray” – “FK Kopengagen”, “Bavariya – “Manchester Yunayted”, “Arsenal” – “PSV Eyndxoven”, “Sevilya” – “Lans”, “Real Madrid” – “Union Berlin”, “Braga”- “Napoli”, “Benfika” – “Zalsburg”, “Real Sosedad” – “Inter” uchrashuvlari o‘tkaziladi.

Bugungi uchrashuvlar oldidan Madridning “Real” jamoasi himoyachisi Dani Karvaxal jarohat oldi va noma’lum muddatga safdan chiqdi. Bu esa klub uchun muhim uchrashuv oldidan katta yo‘qotish ekani shubhasizdir.
Shuningdek, “Bavariya” bosh murabbiyi Tomas Tuxel “Manchester Yunayted”ga qarshi uchrashuvda jamoasiga yordam bera olmaydi. Sababi, uning bitta o‘yinga diskvalifikatsiyasi bor. Sababi, o‘tgan mavsumning chorak finalidan o‘rin olgan “Bavariya” — “Manchester Siti” to‘qnashuvining javob bahsida germaniyalik mutaxassis qizil kartochka olib, maydonni tark etgandi. Shu bilan birga, bitta uchrashuvga diskvalifikatsiya ham qilingan.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA muxbiri