Yurtimizda esa mamlakat chempionati boshlanish arafasida

Bugun – 20 sentyabr kuni poytaxtimizdagi “Humo – arena” muz saroyida Toshkentning “Humo” xokkey klubi Qozog‘iston ochiq chempionatidagi beshinchi tur uchrashuvning ikkinchi bahsini “Irtish” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Kecha hamyurtlarimiz ochiq chempionatning 5 – tur o‘yinida “Irtish”(Pavlodar) jamoasi bilan kuch sinashdi va 7:1 hisobida g‘alabaga erishdi.

Pavlodor jamoasi bilan kechgan o‘yindan so‘ng “Humo” 10 ochkoga ega bo‘lgan holda Qozog‘iston ochiq chempionatining turnir jadvalidagi yetakchiligini davom ettirmoqda.

Xokkeyga oid yana bir gap. 21 sentyabrdan e’tiboran poytaxtimizda 15 yoshgacha va 17 yoshgacha bo‘lgan yoshlar jamoalari o‘rtasida ilk bor o‘tkazilayotgan O‘zbekiston chempionati bahslariga start beriladi.

Ushbu chempionat o‘yinlari 24 dekabrga qadar davom etadi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA