Har yili Nyu-Yorkda 190 dan ziyod davlat yetakchilarini birlashtiradigan BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishida tarix rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan ko‘plab qarorlar qabul qilinadi.

Tashkilot nizomiga muvofiq, 1945 yil tashkil etilgan asosiy maslahatchi, qaror qabul qiluvchi va vakillik organi hisoblangan Bosh Assambleya sessiyalarida vaqti-vaqti bilan unutilmas va hatto, g‘ayrioddiy voqealar ham sodir bo‘lib turadi. Ba’zan BMT minbaridan qarama-qarshi bayonotlar eshitilib, 15 daqiqaga belgilangan nutqlar bir necha soat davom etishi mumkin.

Kuba yetakchisi Fidel Kastro 1960 yil 26 sentyabrda BMT tarixidagi eng uzun – 4 soat 29 daqiqalik ma’ruza qilgan.

2006 yil Bosh Assambleyada so‘zlagan Venesuelaning o‘sha paytdagi Prezidenti Ugo Chaves AQSH sobiq Prezidenti Jorj Bushni “iblis” deb atagan.

1987 yil Nikaraguada qilgan chiqishida Daniel Ortega AQSH rasmiylarini Lotin Amerikasi “isyonchilarini moliyalashtirish” va “Anastasio Somoza Debail diktaturasini qo‘llab-quvvatlash”da aybladi. O‘shanda Amerika delegatsiyasi norozilik sifatida zalni tark etgan.

Liviya rahbari Muammar Qaddafiyning ham BMT minbaridagi eng esda qolarli va uzoq davom etgan nutqlardan biri sohibi edi. 2009 yil u 15 daqiqa o‘rniga 100 daqiqadan ko‘proq gapirgan. Qaddafiy BMT Xavfsizlik Kengashi tuzilmasini tanqid qilib, bu idorani “Terrorizm kengashi” deb nomlash to‘g‘riroq bo‘lishini aytgan.

1972 yil Uganda sobiq Prezidenti Idi Amin Buyuk Britaniyaning o‘sha paytdagi Bosh vaziri Edvard Xitni Adolf Gitlerga qiyoslagan. Keyinchalik Amin Uinston Cherchillni nazarda tutganini iddao qilgan: Men Gitlerni emas, Cherchillni nazarda tutdim. Xit Cherchillga o‘xshaydi!

Har yili Bosh Assambleya raisining “bolg‘a”dan yig‘ilish boshlanishi va tugashini e’lon qilish, kun tartibini tasdiqlash, mansabdor shaxslarni saylash va qaror qabul qilish uchun foydalaniladi.

Bu asbob 1952 yil Islandiya tomonidan sovg‘a qilingan. An’anaga ko‘ra, Braziliya delegatsiyasi rahbari bahsni ochadi, chunki avvalgi uchrashuvlarda mashvaratni ochish taklif qilinganda hech kim rozilik bildirmagan va keyin Braziliya vakili qo‘l ko‘targan. Shundan buyon birinchi so‘z Braziliyaga tegishli.

BMTdan chiqishga uringan birinchi va yagona a’zo – Indoneziya 1965 yil davom etayotgan o‘zaro qarama-qarshilik tufayli, agar Malayziya Xavfsizlik kengashiga a’zo bo‘lsa, BMTdan chiqishini e’lon qildi.

2018 yil Yangi Zelandiya Bosh vaziri Jasinda Ardernning uch oylik qizi tashkilot tarixidagi eng yosh rasmiy delegatga aylandi.

2020 yil koronavirus pandemiyasi tufayli tarixda birinchi marta BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi onlayn tarzda o‘tkazildi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu yig‘ilishdagi ma’ruzasi tarixiy voqea sifatida e’tirof etilgan. Zero, ilk bor xalqaro doirada, global xalqaro tashkilot miqyosida o‘zbek tilida nutq so‘zlangan.

Eslatib o‘tamiz, 19-26 sentyabr kunlariga belgilangan 78-sessiyada ham davlatimiz rahbari ishtirok etib, nutq so‘zlaydi.

 

Go‘zal Sattorova,

O‘zA