Xabaringiz bor, bugun 19 sentyabr kuni OFK Chempionlar ligasining guruh bosqichi birinchi turida “Paxtakor” jamoasi BAAning “Al-Ayn” klubini qabul qiladi. Mazkur bahs “Bunyodkor” stadionida soat 19:00 da boshlanadi.

Unda “Paxtakor” jamoasi sariq rangli libosda maydonga tushadi. Ushbu uchrashuvni Janubiy Koreyadan tashrif buyurgan hakamlar brigadasi boshqarib boradi.

O‘yinga doir qiziqarli faktlar haqida ma’lumot beradigan bo‘lsak, Osiyo Chempionlar ligasi doirasida “Paxtakor” Birlashgan Arab Amirliklari jamoalariga qarshi jami 21 ta uchrashuv o‘tkazgan bo‘lib, shularning 12 tasida g‘alaba qozongan. 5 ta o‘yinda durang va 4 bahsda imkoniyatni boy berib qo‘ygan.

Mazkur bahslarda “sherlar” raqib darvozasiga 33 marotaba to‘p kiritib, o‘z darvozasidan 21 ta to‘p olib chiqqan. Mazkur musobaqada poytaxtimiz bosh jamoasi BAA klublaridan “Ahli”, “Vahda”, “Ayn”, “Baniyas”, “Shabab”, “Jazira”, “Nasr”, “Shabab Al-Ahli” va “Sharja” bilan o‘yin o‘tkazgan.

“Al-Ayn”ga qarshi “Paxtakor” to‘rt marta to‘qnash kelgan. 2010 yilgi ilk uchrashuvda “Paxtakor” safarda 0:1, Toshkentda esa 3:2 hisobida zafar quchgan. 2015 yil Toshkentdagi o‘yinda vakillarimiz kichik hisobda mag‘lubiyatga uchragan va o‘sha yili safarda 1:1 hisobida durang qayd etilgan. Shuni ta’kidlash lozimki, o‘zbek klublaridan faqat “Paxtakor”gagina “Al-Ayn”ni mag‘lub etish nasib qilgan.

Bugun ushbu jamoalar beshinchi bor to‘qnash keladi. Mazkur bahsda poytaxtimiz bosh jamoasi “Paxtakor”dan faqatgina g‘alaba kutib qolamiz va o‘zaro o‘yinlardagi tafovutni yanada oshishiga umid qilamiz.

Darvoqe, “Paxtakor” va “Al-Ayn” o‘rtasidagi uchrashuvni “Sport” telekanali orqali jonli efirda tomosha qilishingiz mumkin.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA muxbiri