Saudiya Arabistoni poytaxti – Ar-Riyod shahrida joylashgan Qirol Fahd nomidagi xalqaro stadionda Osiyo Chempionlar ligasining (OCHL) guruh bosqichi “D” guruhidan o‘rin olgan “Al-Hilol” – “Navbahor” uchrashuvi juda qizg‘in o‘tdi.

OCHLda debyutant jamoa sanalgan Namanganning “Navbahor”i qit’amizning to‘rt karra chempioni, tarkibida braziliyalik Neymar, portugaliyalik Ruben Nevesh, serbiyalik Aleksandar Mitrovich kabi “top” yulduzlarni jamlagan “Al-Hilol”ga qarshi o‘ziga xos iroda ko‘rsatib, durang natija (1:1) qayd etdi.

O‘yinni hujumkor ruhda boshlagan mezbonlar o‘yin tizginini o‘z qo‘liga olishga intildi. “Navbahor” esa kuchli raqibdan qolishmasdan himoyaga e’tiborni qaratib, munosib qarshilik ko‘rsata oldi.

20-daqiqaga kelib uyushtirilgan dastlabki hujumni “Navbahor”chi Oston O‘runov maromiga yetkazishi mumkin edi, biroq mohir yarim himoyachining havolatib yo‘llagan zarbasiga aniqlik yetishmadi.

28-daqiqada “Navbahor” himoyachisi Filip Ivanovich o‘z jarima maydonchasi ichida raqibga qo‘pollik ishlatgani uchun ogohlantirildi. Jamoamiz darvozasiga jarima to‘pi belgilandi. Neymarning chamasi 18-20 metrlar masofadan pastlatib bergan zarbasini O‘tkir Yusupov bartaraf etdi.

Ikkinchi taymda vaziyat tamomila o‘zgarib ketdi. Shahd bilan oldinga intilgan “Navbahor”chilar 52-daqiqada muhtasham o‘yingohni larzaga keltirishdi. Abror Ismoilovning ajoyib to‘p uzatishidan so‘ng gruziyalik Toma Tabatadze mehmonlar posboni bilan birga-bir vaziyatga chiqib, hisobni ochdi.

O‘tkazib yuborilgan goldan so‘ng “Al-Hilol” minglab muxlislarining qarshisida muvozanatni tiklashga intildi. “Lochinlar” sardori O‘tkir Yusupov mezbonlarning bir qator hujumlarini bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi
Uchrashuvning 87-daqiqasida namanganlik futbolchilar barchasiga “nuqta qo‘yishi” mumkin edi. Lekin zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Jasur Yaxshiboyev “yakkama-yakka” holatda o‘ta qulay imkoniyatni boy berdi.

Muhammad Abdulla Hassan Muhammad boshchiligidagi BAAlik hakamlar brigadasi uchrashuvdagi to‘xtalishlar uchun naqd 14 daqiqa (!) qo‘shib bergani bilan ko‘pchilikning yodida qoladigan bo‘ldi. Mezbonlar 90+10-daqiqada Ali Al Bulayhining boshi bilan urgan goli evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi.

Guruhning ikkinchi o‘yinida Eronning “Nassaji Mozandaron” jamoasi Hindiston chempioni “Mumbay Siti”dan 3:0 hisobida ustun keldi.

Samvel Babayan boshchiligidagi “Navbahor” klubi endi o‘z maydonida Mumbay klubini qabul qiladi. Ushbu uchrashuv 3 oktyabr kuni o‘tkaziladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri
Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahri.