Avval xabar berganimizdek, futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichining birinchi tur uchrashuvlariga start berildi. Unda “Nasaf”, “OKMK” va “Navbahor” kabi klublarimiz o‘zlarining ilk o‘yinini o‘tkazdi.

Iordaniyaning “Al-Faysali” klubiga qarshi o‘tgan o‘yinda Qarshi shahrining “Nasaf” jamoasi 0:1 hisobida g‘alaba qozondi. Mazkur o‘yindagi yagona golga 90+8 daqiqada Zafarmurod Abdurahmatov mualliflik qildi. Shuningdek, “B” guruhidan o‘rin olgan ikkinchi o‘yinda  “As-Sadd” – “Sharja” o‘zaro raqobatlashdi. Ushbu o‘yin 1:1 hisobida yakunlandi.

Ushbu natijadan so‘ng “Nasaf” o‘z guruhi peshqadamiga aylandi.

Jidda shahridagi “Abdullah Al-Faisal Stadium”da o‘tgan “Al Ittihod” va “OKMK” uchrashuvida afsuski hisob 3:0 ko‘rinishini oldi. O‘yinda maydon egalariga g‘alaba keltirgan gollarni Kamara va Romarinyo (dubl) jamoamiz darvozasiga kiritdi.

Osiyo chempionlar ligasi “C“ guruhidan o‘rin olgan ”Eyr-Fors“ — ”Sepahon” bahsida 2:2 natijasi qayd etildi.

Shu tariqa mazkur guruhda “Al Ittihod” 3 ochko bilan guruhda 1-pog‘onaga chiqib olgan bo‘lsa “Eyr Fors” ikkinchi, “Sepahon” esa uchinchi pog‘onadan joy oldi.

Osiyo chempionlar ligasi “D” guruhida birinchi turning eng qiziqarli va murosasiz o‘tgan bahsi Ar-Riyod shahrida joylashgan “Qirol Fahd” stadionida o‘tdi. Unda mezbon jamoa “Al-Hilol» va Namanganning “Navbahor” klubi bahs olib bordi.

Uchrashuvning 52-daqiqasida Toma Tobatadze raqib darvozasini ishg‘ol qilib, “Navbahor”ni oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida uchrashuv hakami o‘yinga 14 daqiqa qo‘shib berdi. Qo‘shimcha vaqtning 10 daqiqasida Al-Bulayhi gol urib muvozanatni tikladi. Shu tariqa, o‘z tarkibida braziliyalik Neymar va bir qator mahoratli futbolchilari bo‘lgan “Al-Hilol» klubi o‘z maydonida durang qayd etdi.

Shuningdek, guruhning ikkinchi o‘yini “Mumbay Siti” va “Nasajji Mozandaron” jamoalari o‘rtasida o‘tdi. Ushbu bahsda mehmonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Shunday qilib, bu guruhda “Nasajji Mozandaron” 3 ochko bilan yaqqol peshqadamga aylanib oldi.  “Al-Hilol» va “Navbahor” klublari esa 1 ochko bilan ikkinchi hamda uchinchi o‘rinni egalladi.

Endi Osiyo chempionlar ligasining ikkinchi turida “OKMK” o‘z maydonida “Eyr-Fors”ni qabul qilsa, Qarshida “Nasaf” “As-Sadd”ni sinovdan o‘tkazadi. Bu bahslar 2 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. 3 oktyabr kuni esa “Navbahor” va “Mumbay Siti” klublari o‘zaro raqobatlashadi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA muxbiri