“Kichik Olimpiada” nomi bilan mashhur bo‘lgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlari boshlanishiga ham roppa-rosa 4 kun qoldi. Osiyo o‘yinlari tarixida eng ko‘p ishtirokchini jamlaydigan bu galgi o‘yinlarda qit’aning 45 ta davlatidan 12 ming 417 nafar sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.
Bu 2018 yili Indoneziyada tashkil etilgan o‘yinlardagi ishtirokchilardan 1 ming 117 nafarga ko‘p. Aytish lozim, Indoneziya sport maydonlaridagi qit’a bahslarida 11 ming 300 nafar sportchi ishtirok etgan edi.
Osiyo olimpiya kengashi (OCA) Bosh direktori vazifasini bajaruvchi Vinod Kumar Tivarining aytishicha, bunday katta qamrov Osiyo o‘yinlari tarixida birinchi marta amalga oshirilmoqda. O‘yinlar davomida 9 ta sport turida “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘llanmalari uchun kurash kechishi “Xanchjou-2022” musobaqalarining shiddati va uning nufuzi nechog‘li balandligidan dalolat.
Xo‘sh, “Xanchjou-2022” o‘yinlarida qaysi davlat qancha sportchi bilan ishtirok etadi? O‘zbekiston sport delegatsiyasining musobaqalarda g‘alaba qozonish imkoniyatlari qanday? Sifat koeffitsiyenti nimalarda aks etadi?
O‘z sport maydonlarida kechadigan qit’a o‘yinlarida xitoylik 886 nafar sportchi medallar uchun kurash olib borishini e’lon qildi. Rasmiy axborotga ko‘ra, Xitoy Osiyo o‘yinlarida barcha yordamchi xodimlarni hisobga olgan holda, 1 ming 239 nafar sportchi, murabbiy va mutaxassislardan iborat jamoani tashkiliy qo‘mita ro‘yxatidan o‘tkazgan.
Osiyo o‘yinlarida qatnashadigan xitoylik sportchilarning o‘rtacha yoshi 25 yosh bo‘lib, ular orasida 13 va 60 yoshlilar ham borligi ta’kidlangan.
Janubiy Koreya Osiyo o‘yinlari tarixidagi eng yirik sport delegatsiyasini “Xanchjou-2022”ga jo‘natishga hozirlanmoqda. Delegatsiya sportchilarining umumiy soni 867 nafardan iboratligi bildirilgan. Sportchilarga, shuningdek, 273 nafar murabbiy va rasmiylar hamrohlik qilishi belgilangan bo‘lib, Janubiy koreyalik sportchilar 39 ta sport turidagi bahslarda o‘z omadlarini sinab ko‘rishi qayd etilgan.
Osiyo o‘yinlarining yetakchiligiga da’vogar bo‘lgan Yaponiya sport jamoasi bir yil kechiktirib o‘tkazilayotgan qit’a o‘yinlarida 1 ming 100 nafarga yaqin sportchi bilan ishtirok etishni maqsad qilgan.
Xalqaro sport musobaqalaridan uch yilga chetlatilgan Shimoliy Koreya Xitoy sport maydonlarida kechadigan o‘yinlarga 200 nafarga yaqin sportchisini jo‘natishga tayyorlanmoqda.
Shimoliy Koreya sportchilari “Xanchjou-2022” o‘yinlarida kamondan otish, basketbol, futbol, stol tennisi, voleybol va og‘ir atletika kabi 18 sport turida mamlakat sharafini himoya qilishi kutilmoqda.
Jahon sportida tobora o‘z nomini baralla aytayotgan Hindiston sport delegatsiyasi bu galgi Osiyo o‘yinlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rganligi ularning bildirayotgan fikrlarida ayon bo‘lmoqda. Medallarga egalik qilish borasida “ishtahasi karnay” Hindiston 19-Osiyo o‘yinlarida 634 nafar sportchini shiddatli bellashuvlarga tayyorlagani tasdiqladi.
Mamlakat Olimpiya assotsiatsiyasi prezidenti P.T.Usha sport jamoasini Osiyo o‘yinlariga kuzatish marosimida har bir chiziqdagi bahs Osiyo o‘yinlari medallari uchun egalik qilish nuqtasi hisoblanishini, bu hind sporti muvaffaqiyatini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanligini aytib o‘tgan.
E’tiborli jihati, Osiyo o‘yinlari dasturi shu qadar keng ko‘lamliki, unda Olimpiya o‘yinlaridagidan ham ko‘proq sportchilar qatnashadi. 2021 yili Tokioda tashkil etilgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirokchi sportchilar soni 205 ta davlatdan 11 ming 656 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, “Xanchjou-2022” o‘yinlarining qatnashchilari aytib o‘tganimizdek, 12 ming 417 nafardan iborat bo‘lmoqda.
Musobaqalar mobaynida Osiyo o‘yinlarining 474 ta medallar jamlanmasi 40 ta sport turining 61 ta yo‘nalishida kechadi. Shundan 28 tasi Olimpiya va 12 tasi noolimpiya sport turlari. 381 ta medallar jamlanmasi Olimpiya sport turlariga, 93 tasi noolimpiya sport turlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Qo‘shni Qozog‘iston davlati o‘yinlarda sportning 33 ta turida 525 nafar sportchi bilan qatnashishini e’lon qildi. Bu, qo‘shni mamlakat delegatsiyasining Osiyo o‘yinlaridagi rekord tarkibi hisoblanadi.
Xuddi shuningdek, “Xanchjou-2022” o‘yinlarida Eron 289, Bangladesh 240, Gonkong 681, Vetnam 320, Indoneziya 415, Singapur 431, Qatar 180, Filippin 395, Pokiston 222 nafar sportchi bilan ishtirok etish talabnomasini taqdim etgan. Albatta, bu ro‘yxatni davom ettirish mumkin. Ammo, o‘yinlarda medallar uchun kurashda sport jamoalarining soni bilan birga sifat ko‘rsatkichi o‘rtasidagi tafovut ham hal qiluvchi rol o‘ynashi tabiiy.
Xabar berganimizdek, O‘zbekiston sport delegatsiyasi 38 ta sport turidan 370 nafardan ziyod sportchi bilan qatnashishi rejalashtirilmoqda. Hamyurtlarimiz 32 ta olimpiya, 6 ta noolimpiya sport turlarida vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Ko‘rinib turibdiki, mamlakatimiz sport delegatsiyasi son jihatdan Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Gonkong, Qozog‘iston, Indoneziya, Singapur, Filippin jamoalaridan ortda qolayotgan bo‘lsa, Eron, Vetnam, Pokiston, Qatar kabi mamlakatlarni ortda qoldirishga muvaffaq bo‘lgan.
Qit’a o‘yinlarining sovrinli o‘rinlariga da’vogarlik borasida Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Qozog‘iston sport jamoalari hozirdan o‘z prognozlarini baralla aytayotgan bo‘lsa-da, ko‘pgina sport turlarida O‘zbekiston sportchilarini asosiy raqiblar darajasida talqin etishmoqda.
“Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlarining O‘zbekiston uchun yana bir o‘ziga xos jihati, milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi bo‘lgan kurash musobaqalari orqali qit’a sportchilari bayrog‘imizdan jilo olgan kurash liboslarida, o‘zbekona sport iboralari boshqaruvida bellashadi. Bu O‘zbekiston, uning bayrog‘i Osiyo o‘yinlarining o‘ziga xos bezagi bo‘lishini anglatmoqda.
Jamoalarning soni medallar salmog‘iga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biroq sifat ko‘rsatkichi birlamchi bo‘lgan bahslarda professionallik, mahorat, taktik-texnik yondashuv muvaffaqiyatning bosh omili bo‘lishi shubhasiz. Umid qilamizki, mamlakatimiz sportchilari, jamoalari ayni jihatlarni inobatga olgan holda, Yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalarini ta’minlaydi. Buning uchun sportchilarimizga davlatimiz tomonidan barcha shart-sharoitlar, qulayliklar yaratib berildiki, ishonchga munosib bo‘lish O‘zbekiston sport delegatsiyasining eng muhim vazifasi sanaladi.
Eslatib o‘tamiz, yozgi Osiyo o‘yinlari 23 sentyabr – 8 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston sport delegatsiyasining asosiy tarkibi 21 sentyabr kuni Xitoyga yo‘l oladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA