O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga amaliy tashrif doirasidagi ishbilarmonlik tadbirlari davomida “Air Products” kompaniyasi boshqaruvi raisi, prezidenti va bosh ijrochi direktori Seyfi Gasemi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda AQSH Davlat kotibining energetika masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jeffri Payett ham ishtirok etdi.

AQSHning yetakchi kompaniyasi bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalalari, joriy loyihalarning borishi va istiqbolga mo‘ljallangan aniq rejalar ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda yurtimizda “Air Products” tomonidan “Uzbekistan GTL”da sanoat gazlarini qayta ishlash, “Navoiyazot” negizida sintez-gaz, kislorod va azot, suyultirilgan karbonat angidrid ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirmoqda.

Keyingi ikki yilda ushbu loyihalarning davomi sifatida kompaniyaning 1 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari jalb qilindi.

Suhbatda ko‘mirni gazlashtirish, texnik gazlar, vodorod va ammoniy ishlab chiqarish hamda achchiq gazlarni utilizatsiya qilish bo‘yicha istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqildi.
Air Products ekspertlari karbonsizlashtirish sohasida zarur normativ-huquqiy bazani ishlab chiqishda ham qatnashadi.

Bundan tashqari, loyihalar portfelidan oziq-ovqat sanoatiga innovatsion ishlanmalarni joriy qilish o‘rin olgan.

Uchrashuv yakunida “Air Products” kompaniyasining O‘zbekiston uchun qiymati 10 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yangi investitsiya dasturini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar almashildi.

O‘zbekiston-AQSH ko‘p qirrali hamkorligini kengaytirishga qo‘shgan hissasi va mamlakatimizdagi ortga qaytmas islohotlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Air Products” boshqaruvi raisi Seyfi Gasemiga shaxsan yuksak davlat mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi.