Rossiya Federatsiyasining Ufa shahrida sambo bo‘yicha o‘tkazilgan Gran-pri musobaqasi poyoniga yetdi.

Xabar berganimizdek, xalqaro turnirda mamlakatimizning bir qator sambochilari bahslarda ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egalladi.

Kecha jangovar sambo bellashuvlarining +98 kilogramm vazn toifasida final bellashuvlari tashkil etildi. Unda yurtimiz sharafini himoya qilgan Islom Nosirov oltin medal uchun kechgan final bellashuvida mezbonlar vakili Magomed Tuchalov bilan ro‘baro‘ keldi. Shiddatli o‘tgan bahsda hamyurtimiz g‘oliblikni tantana qildi. Uning g‘alabasi sharafiga O‘zbekiston madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz yuksaldi.

Gran-pri musobaqasining so‘nggi kungi bellashuvlari sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 2 ta bronza medali bilan xalqaro turnirni yakunladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA