Saudiya Arabistonida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati davom etmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Ruslan Nuriddinov va Akbar Jo‘rayev muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Chempionatning erkaklar o‘rtasidagi vazni 109 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasidagi dast ko‘tarish bahslarida Akbar Jo‘rayev 189 kg natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, siltab ko‘tarishda 226 kg shtangani o‘ziga bo‘ysundirib kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Akbar ikkikurash natijasiga ko‘ra, 415 kg qayd etib, ikkinchi oltin medal sohibi bo‘ldi.
Ruslan Nuriddinov esa dast ko‘tarishda 180 kg, siltab ko‘tarishda 227, ikkikurashga ko‘ra 407 kg natija qayd etib, bittadan oltin va kumush medal bilan taqdirlandi.
Shunday qilib, Akbar Jo‘rayev musobaqani 2 ta oltin va 1 ta kumush, Ruslan Nuriddinov esa 1 ta oltin va 1 ta kumush medal bilan yakunladi.
Shuni ta’kidlash joizki, Akbar Jo‘rayev aynan Ruslan Nuriddinovdan so‘ng ikki karra jahon chempioni bo‘lgan ilk og‘ir atletikachi sifatida o‘zbek sporti tarixiga kirdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA