Dushanbe shahri mezbonlik qilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi bo‘yicha Markaziy Osiyo xalqaro instituti yetakchi mutaxassisi Ilhom Abdukarimov sammitda davlatimiz rahbari ilgari surgan taklif va tashabbuslar istiqbolini shunday sharhlaydi:

– Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi ko‘p tomonlama davlatlararo hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha Prezidentlarning mustahkam siyosiy irodasi mavjudligini tasdiqladi.

Geosiyosiy notinchlikning kuchayishi sharoitida mintaqada tinchlik, barqarorlikni ta’minlash, xavfsizlik sohasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqada umumiy chaqiriq va tahdidlarning oldini olish, ularga qarshi kurashish bo‘yicha jamoaviy qarorlar ishlab chiqish uchun zudlik bilan maxfiy fikr almashish zarurligini alohida ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari shu maqsadda Favqulodda vaziyatlarni bashorat qilish, ularning oldini olish, erta ogohlantirish va birgalikda harakat qilishning hududiy tizimini shakllantirish tashabbusini ilgari surdi.

Ushbu tizimni joriy etish zarurati Tabiiy ofatlar epidemiologiyasi tadqiqot markazi ma’lumotlari bilan ham asoslanadi. Shunday qilib, 1999-2022 yillarda Markaziy Osiyoda 184 ta tabiiy ofat sodir bo‘lgan, zararning asosiy qismi Tojikistonga to‘g‘ri kelgan.
Mintaqaviy tizimning yaratilishi tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish borasida birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtiradi, shuningdek, favqulodda vaziyatlarga, ayniqsa, transchegaraviy xarakterga ega bo‘lgan holatlarga javob berishga tayyorlikni oshiradi.

Tashabbus, shuningdek, ma’lumot almashishni yaxshilash, xavflarni birgalikda baholash, tabiiy ofatlarda zararni kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha dastur hamda loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga oladi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi mintaqaning turli yo‘nalishlar, jumladan, xavfsizlik va xavflarni boshqarish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini namoyish etdi.

Bu — Markaziy Osiyoning kelgusidagi muammolarni muvaffaqiyatli yengib o‘tish va fuqarolar farovonligini ta’minlashga yordam beradigan yaqin hamkorlikka intilishidan dalolat.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA