Ma’lumki, kelgusi yilning 14 sentyabr — 6 oktyabr kunlari mamlakatimizda futzal bo‘yicha 2024 yilgi jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Dunyoning eng kuchli 24 ta milliy terma jamoasi ishtirokida kechadigan mazkur nufuzli musobaqada futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining munosib qatnashishini ta’minlash borasida bir qator ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabariga ko‘ra, futzal bo‘yicha dunyoning eng taniqli murabbiylaridan biri Xose Venansio Lopes yaqin kunlarda O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Futzal bo‘yicha mamlakat terma jamoasini muhim turnir oldidan yanada yuqori darajaga olib chiqish borasidagi sa’y-harakatlarni ta’minlash maqsadida Xose Venansio Lopes bilan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati o‘zaro hamkorlik shartnomasini tuzish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda.
Murabbiy faoliyati mobaynida Ispaniya terma jamoasini Yevropa chempioniga aylantirgan, jahon chempionati finaliga olib chiqqan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA