Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mamlakatimizda ommaviy sport tadbirlarini tashkil etish orqali yoshlar qamrovini 8 milliondan oshirish belgilandi.

Ulug‘ maqsadlarga mustahkam reja va dasturlar orqali erishiladi. Aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish, o‘z navbatida, yangi chempionlar kamolga yetishishiga zamin hozirlanishi bilan joylarda yangidan yangi sport majmualari vujudga keladi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ko‘rsatib o‘tilganidek, mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirish,  universal sport maydonchalarini bosqichma-bosqich barpo etish  orqali aholini sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga sharoit yaratiladi.

Birgina “Besh tashabbus olimpiadasi”ning joriy etilishi mahalla yoshlarining katta sport maydonlarida o‘z iqtidorini ko‘rsatishga olib kelishi bilan hududlarda zamonaviy sport maydonchalari qurilishiga turtki bo‘ldi. Pirovard natijada jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb qilingan aholi ulushi 36 foizga yetkaziladi.

Qarorga asosan jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug‘ullanish uchun 2030 yilgacha kamida 5 mingta mahallada sport maydonchalarini barpo etish, sport – ta’lim muassasalarida muntazam shug‘ullanuvchilar sonini 1 million nafarga yetkazish nazarda tutilgan.

Aytish lozimki, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning birinchi mavsumi doirasidagi musobaqalarda 12 ming 254 nafar iqtidorli sportchi saralanib, ular tizimli shug‘ullanishlari uchun sport maktablaridagi seksiyalarga qabul qilindi.

Musobaqalarda g‘olib va sovrindorlikka erishgan mahalla yoshlari uchun bugungacha 265 sport ob’ekti, shundan 14 ta yopiq sport inshooti, 9 ta ochiq sport inshooti, 72 ta stritbol, 101 ta vorkaut va 69 ta universal sport maydoni foydalanishga topshirilgan.

Mazkur sport majmualarida 223 ta sport to‘garaklari va seksiyalari tashkil etilib, 7 ming nafar yoshlar 200 nafardan ziyod murabbiylardan sport turlari sir – sinoatlarini o‘rganayotgani harakatlar aniq maqsadlarga qaratilgani natijasidir.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA