Xabar berganimizdek, kecha futbol bo‘yicha U-23 Osiyo kubogi saralash bosqichining 3-tur uchrashuvida O‘zbekiston Eronni 1:0 hisobida mag‘lub etib, Osiyo kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze o‘yin xususida o‘z fikr bildirdi.

Osiyo kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishda muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi muhim omil bo‘lgani, Afg‘oniston va Gongkong terma jamoalariga qarshi o‘yinlardan ko‘ra, Eron bilan uchrashuv qiyinroq kechganini ta’kidlagan murabbiy e’tibor yana o‘n kundan keyin Xitoyda boshlanadigan Osiyo o‘yinlariga qaratilishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, kecha barcha guruhlarda kelgusi yili Qatarda bo‘ladigan Osiyo kubogi finaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan barcha terma jamoalarning nomi ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, Qatar (mezbon), Iordaniya, Janubiy Koreya, Vetnam, Yaponiya, O‘zbekiston, Iroq, BAA, Tailand, Avstraliya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Tojikiston, Xitoy, Malayziya terma jamoalari U-23 Osiyo kubogi bahslarida qatnashish huquqiga ega chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, 16 ta mamlakat terma jamoalari ishtirokidagi U-23 Osiyo kubogi o‘yinlari 2024 yilning  15 aprel – 3 may kunlari Qatarda bo‘lib o‘tadi.

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA