Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In kengaytirilgan tarkibdagi muzokarani yakunladi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov yakkama-yakka uchrashuv boshlanganini ma’lum qildi.
Rossiya – Koreya munosabatiga to‘xtalar ekan, u Rossiya har qanday sirtqi chaqiriq, izohlarga qaramay, KXDR bilan aloqani o‘zaro manfaatli asosda o‘rnatishini aytdi.
“Haqiqat shuki, Shimoliy Koreya yaqin qo‘shnimiz. Biz qo‘shnilar bilan munosabatni o‘zimiz va qo‘shnilarimiz uchun foydali tarzda quramiz”, – dedi Peskov “Rossiya” telekanaliga bergan intervyusida. Uning qayd etishicha, Rossiya BMTda KXDRga qarshi sanksiya masalasida mavjud pozitsiyasini saqlab qoladi, biroq bu Rossiya – Shimoliy Koreya munosabati rivojlanishiga to‘sqinlik qila olmaydi. Faqat ikki suveren davlatga tegishli o‘zaro munosabat boshqa davlatlarni tashvishga solmasligi kerak.
Kreml vakili, shuningdek, Putin va Kim Chen In o‘rtasidagi muzokara yakuni bo‘yicha hujjat imzolash rejalashtirilmaganini aytdi.
Shimoliy Koreya yetakchisi poyezdda kosmodrom hududidagi temir yo‘l vokzaliga yetib keldi. Putin va Kim Chen In uchrashuvi yangi Angara raketasi yig‘ilayotgan, raketa o‘rnatiladigan va sinovdan o‘tkaziladigan binoda bo‘lib o‘tdi.
Ikki davlat rahbarlari o‘zaro va jurnalistlar bilan qisqacha suhbatlashdi. Rossiya Prezidenti va oliy martabali mehmon “Vostochniy” kosmodromidagi ob’ektlarni ko‘zdan kechirdi. “Angara” raketasi yig‘iladigan maydonchaga tashrif, “Soyuz-2” tashuvchisini uchirish majmuasini ko‘zdan kechirish ham kutilyapti.
Kim Chen In “Vostochniy” kosmodromi ko‘rsatilgan birinchi xorijiy davlat rahbari emas. Bu yerga turli vaqtlarda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko va Myanma rahbari Min Aung Xlaing tashrif bilan kelgan. Kosmodrom ko‘zdan kechirilgach, shu hududda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori darajadagi Rossiya – KXDR muzokarasi rejalashtirilgan.
Peskov avvalroq ta’kidlaganidek, Putin va Kim Chen In birinchi navbatda ikki tomonlama munosabatga e’tibor qaratadi, shuningdek mintaqa va xalqaro maydondagi vaziyat yuzasidan fikr almashadi.
O‘zA