Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida bolalarda ilk yoshidan savodxonlik, ratsional ovqatlanish, gigiyena va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirishda kompetensiyaviy yondashuvni joriy etish yuzasidan trening boshlandi.

Trening “Katta yoshdagi auditoriyani o‘qitish, treningni samarali o‘tkazish va maktabgacha ta’lim pedagoglari uchun mentorlik (murabbiylik) qilish”, “Pedagoglarga “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi asoslarini o‘qitish”, “Pedagoglarga maktabgacha yoshdagi bolalarda ilk yoshidan savodxonlikni rivojlantirish metodlarini o‘rgatish” hamda “Pedagoglarga maktabgacha yoshdagi bolalarning sog‘lom jismoniy rivojlanishi va sog‘lom turmush tarzi uchun ratsional ovqatlanish tamoyillarini o‘rgatish” mavzularida olib boriladi.

Shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, gigiyena ko‘nikmalarini rivojlantirish va birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha bilimlar beriladi.

Treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad ishtirokchilarni maktabgacha yoshdagi bolalarning nutq, muloqot, o‘qish va yozishmalarini rivojlantirishda pedagogik metodikalarini, bolalarning ratsional ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini oshirish yondashuvlarini, bola shaxsiga yo‘naltirilgan differensial yondashuv asosida ta’lim-tarbiya berish bo‘yicha trenerlarning nazariy va amaliy kompetensiyalarini oshirish va ularni mustaqil samarali trening o‘tkazishga tayyorlashdan iborat.

Mazkur loyiha AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda  “Mehribonlik korpusi” xalqaro tashkilotining O‘zbekistondagi filiali bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

M.Qosimova, O‘zA