Qirg‘izistoning Jalolobod shahrida “Muras Yunayted” va “Andijon” jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov Qirg‘iziston futbol ittifoqi rahbari Mederbek Sidiqov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasida qardoshlik, qo‘shnichilik aloqalari hamda futbolni rivojlantirish borasidagi harakatlar yangi bosqichga chiqqani ta’kidlanib, istiqbolli loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish borasida hamfikr ekanligini bildirishdi. Muloqot davomida futbolni rivojlantirish va ommalashtirish, tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda ikki mamlakat jamoalari ishtirokida xalqaro musobaqalar va o‘rtoqlik uchrashuvlarini kengaytirish, murabbiylar, hakamlar va yana qator yo‘nalishlar bo‘yicha futbol mutaxassislarini tayyorlash uchun almashinuv dasturlarini ishlab chiqish, bolalar futbolini rivojlantirishga ko‘maklashish masalalarini qamrab olgan memorandum imzolandi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA