Mamlakatimiz bokschilarining Rossiya va Qozog‘istonda o‘tayotgan xalqaro musobaqalardagi g‘alabali odimi davom etayotgan bir pallada joriy yilning 23 sentyabr — 8 oktyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tadigan XIX Osiyo o‘yinlarida yurtimiz sharafini himoya qiladigan bokschilar nomi ma’lum bo‘ldi.

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar kengashining qaroriga ko‘ra,  Osiyo o‘yinlarida 51 kilogrammda Hasanboy Do‘smatov, 57 kilogrammda Abdumalik Xalakov, 63,5 kilogrammda Ruslan Abdullayev, 71 kilogrammda Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, 80 kilogrammda To‘rabek Habibullayev, 92 kilogrammda Lazizbek Mullojonov, +92 kilogrammda Bahodir Jalolov vatanimiz sharafini himoya qiladi.

Terma jamoamizning qit’a o‘yinlaridagi ishtirokini To‘lqin Qilichev bosh murabbiy sifatida nazorat qilib borsa, unga kubalik Steyners Tissert Xuan Enrike, Li Echeveriya Xulio, Morales Montero Xesus Alberto, hamyurtlarimiz Rahmatjon Ro‘zioxunov, Farrux Qilichev, Akmal Hasanov, Davron G‘ofurov, Ziyatdinbek Toyg‘onboyev, Yergali Yarashov murabbiy sifatida ko‘maklashadi.

Ayollar terma jamoasidan esa Sabina Boboqulova, Nigina O‘ktamova, Sitora Turdibekova, Rayhona Qodirova, Navbahor Hamidova, Aziza Zokirova o‘z vaznlarida Osiyo o‘yinlari medallari va “Parij-2024” Olimpiadasining yo‘llanmalari uchun jang olib boradi.

Bevosita Rossiya va Qozog‘istondagi xalqaro musobaqalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Chechenistonning Grozniy shahrida an’anaviy “Ahmat Qodirov xotira turniri”da qatnashgan sportchilarimiz 1 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, 16 mamlakat vakillari orasida o‘zbek boksining o‘z o‘rni borligini namoyish etdi.

Grozniy ringlarida kechgan janglarda umidli bokschilarimizdan Shoxruhbek Kenjayev oltin, Miralijon Mavlonov va Abdulaziz Abdurahmonov kumush, Shahzod Muzaffarov hamda Shavkatjon Boltayev bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Qozog‘istonning Qizilo‘rda shahrida 2006-2007 yillarda tug‘ilgan o‘smir bokschilar o‘rtasidagi xalqaro turnirda 3 ta oltin, 5 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan yoshlarimiz mamlakatimizda Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, Ruslan Abdullayev kabi nomdor bokschilarning munosib izdoshlari kamol topayotganini ko‘rsatdi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo o‘yinlari bokschilar uchun “Parij-2024” Olimpiadasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma taqdim etishi bilan ahamiyatli. Shu sababli qit’a davlatlari Xanchjouda bo‘ladigan boks musobaqalariga alohida e’tibor bilan yondashmoqda.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA