O‘n minglab isroillik kecha, shanba oqshomida butun mamlakat bo‘ylab hukumatning sud islohotiga qarshi ommaviy namoyishda qatnashdi. Bu haqda TASS agentligi xabar berdi.
Eng ko‘p odam hukumat binolari joylashgan Tel-Avivning markaziy ko‘chasida yig‘ildi. Demonstrantlar Isroil bayrog‘ini ko‘tarib olib, hukumatga qarshi shiorlar aytishgan, “mamlakatda demokratiyani himoya qilish” talabini qo‘yishgan.
Isroilda 36 haftadan buyon to‘xtovsiz aksil hukumat aksiyasi davom etmoqda. Namoyishlar mamlakatning aksariyat shaharlarida tashkil qilinyapti. Mahalliy televideniyening “13-kanali” xabarida aytilishicha, bu gal Tel-Avivda 118 ming kishi to‘plangan.
Isroil parlamenti 24 iyulda sud islohotining birinchi qismini tasdiqlagan. Tashkilotchilar ta’kidlashicha, bunga qarshi munosabat bildirgan muxolifat mazkur islohot bekor qilinmaguncha namoyishni davom ettirish niyatida.