Poytaxtimizdagi “Humo Arena” majmuasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Humo” xokkey klubining ushbu mavsumdagi o‘yinlari haqida ma’lumot berildi.

Unda “Humo” xokkey klubi bosh murabbiyi Yevgeniy Popixin jamoaning o‘tgan mavsumdagi o‘yinlari, galdagi o‘yinlarga tayyorgarlik va mavsumda “Humo” xokkey klubi “Pro Hokei Ligasy” chempionatida ishtirok etishi haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, joriy yilning 9 sentyabr kuni “Pro Hokei Ligasy” xalqaro chempionati boshlanadi va unda Toshkentning “Humo” xokkey klubi g‘oliblik uchun kurashadi. Dastlabki o‘yin  9-10 sentyabr kunlari Ostonada bo‘lib o‘tadi va unda sportchilarimiz Qozog‘istonning chempion jamoasi “Nomad” bilan bellashadi.

Tadbirda o‘tgan mavsum natijalariga ham urg‘u berildi. Unga ko‘ra,  bu ikki jamoa final pley-off bosqichida uchrashgan bo‘lib, birinchi o‘yinda “Humo” g‘alabani qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, lekin qolgan to‘rt o‘yinda raqiblariga imkoniyatni boy berib, ikkinchi o‘rinni egallagan.

–“Humo” xokkey klubi jamoasi joriy yilning 14 avgustida Belarus davlatining Grodno shahrida Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekiston jamoalari ishtirokidagi Yevroosiyo do‘stlik kubogi musobaqalarida faol qatnashgan edi. Uchta o‘yinda jamoamiz uch ochko to‘plab, uchinchi o‘rinni egalladi. So‘ngra Qozog‘iston kubogida “Humo” XK oltita o‘yinning barchasida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, tarixdagi birinchi rasmiy yutuqga ega bo‘ldi. Jamoamizga faqat fidokor sportchilarni, o‘zbek xokkeyini rivojlantirishni istagan xokkeychilarni taklif qilamiz. Agar sportchilar kutilgan natijalarni ko‘rsata olmasa, ular bilan xayrlashishga majbur bo‘lamiz. Ta’kidlash kerakki, o‘tgan yilgi “Humo” tarkibidan sakkiz kishi qoldi. Jamoaga ham tajribali va mahoratli sportchilar, ham yoshlar kelishdi. Shu sababli, klubning harakatlari ancha faollashdi, – dedi  “Humo” xokkey klubi bosh murabbiyi Yevgeniy Popixin.

Eslatib o‘tamiz, hokkey mavsumining boshlanishi 13 va 14 sentyabr kunlari Toshkentda “Humo Arena” majmuasida bo‘lib o‘tadi. Unda “Humo” xokkey klubi Qozog‘istonning avvalgi chempioni qarag‘andalik “Sarыarka” xokkey klubi bilan o‘ynaydi. Sentyabr oyida “Humo Arena” majmuasida jami 8 ta chempionat o‘yinlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Nasiba Ziyodullayeva, Murodxon Xo‘jayev (surat), O‘zA