Muzeylar — tarix xilqatlarini o‘zida mujassam etgan, o‘tmishni bugun bilan, bugunni kelajak bilan bog‘laydigan tarixiy, madaniy maskan.

Har bir muzeyga tashrif buyurar ekansiz, tarix tilsimotlari tilga kirganday, sizga kechagi kun haqida so‘zlaganday bo‘laveradi. Milliy qadriyat va an’analarimizni, xalqimiz turmush hayotini ko‘zgu singari o‘zida namoyon etadigan bu madaniyat o‘choqlari har bir davrda o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Yurtimizdagi 130dan ortiq muzeylar fondida saqlanayotgan osori-atiqalar, turli davrlarga oid ashyolar har qanday kishini o‘tmish bilan yuzlashishga chorlaydi.

Mamlakatimizda bu madaniyat maskanlariga tashrif buyuruvchilar sonini oshirish, ularga qulayliklar yaratish, shuningdek, muzeylar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratib kelinadi. Sohaga oid qator huquqiy hujjatlar qabul qilinib, muayyan chora-tadbirlarning amalga oshirilayotgani bunga yaqqol dalildir. Jumladan, Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va kolleksiyalarini kirib ko‘rish uchun har yili 2-8 sentyabr kunlari “Muzeylar haftaligi”ni o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur haftalik hamda har oyning birinchi yakshanbasi “Ochiq eshiklar kuni” doirasida aholi davlat muzeylariga bepul kiritiladi.

— Mustaqilligimizning o‘tgan tarixan qisqa davrida mamlakatimiz hayotida katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi, ilm-fan, ta’lim, madaniyat sohalari rivojiga ustuvor ahamiyat qaratildi, — deydi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Toshkent tarixi muzeyi bo‘lim mudiri Ra’no Hotamova. — Ko‘hna tariximiz, boy madaniy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va bebaho an’analarimiz qayta tiklandi. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng buyuk tariximizni, o‘tmishimizni o‘rganish masalasiga katta ahamiyat berila boshlandi. Ushbu yo‘lda tariximiz va madaniyatimizni namoyon etuvchi, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda muzeylarning, ularda saqlanayotgan tarixiy ashyolar, nodir eksponatlarning o‘rni beqiyosdir.

Ushbu boy merosimizni aholiga, ayniqsa, yosh avlodga keng targ‘ib qilishda har yili 2-8 sentyabr kunlari tashkil etiladigan “Muzeylar haftaligi” muhim o‘rin tutadi. Mazkur haftalik doirasida muzeylar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning marketing siyosati va xizmatlar sohasini kompleks rivojlantirish, shuningdek, tashrif buyuruvchilarni o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalar hayoti va faoliyatiga oid zamonaviy yangi ekspozitsiyalar bilan tanishtirish hamda muzey to‘plamlaridagi boy tarixiy va madaniy merosimizni keng targ‘ib qilish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, bu kabi amaliy ishlar natijasida muzeylarga tashrif buyuruvchilar oqimini oshirish maqsad qilingan. Bu galgi haftalik doirasida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi va uning filiali bo‘lgan Toshkent muzeyida qator tadbir va davra suhbatlari, ko‘rgazmalar tashkil etildi. Ushbu tadbirlar davomida minglab tomoshabinlar muzeyimizga tashrif buyurib, ekspozitsiyalarimizga qo‘yilgan tarixiy ashyo va buyumlarni tomosha qildi, — deydi muzey vakili.

Darhaqiqat, “Muzeylar haftaligi” yurtimiz va xalqimiz tarixiga oid boy meros bilan tanishish, ularni o‘rganish va targ‘ib qilishda alohida ahamiyatga ega. Haftalik davom etayotgan ayni damlarda yurtimizdagi muzeylarga tashrif buyuruvchilarni kuzatar ekansiz, ular kechamiz, bugunimiz va ertamizga befarq bo‘lmagan, yurt o‘tmishi va buguni bilan yashayotgan, milliy o‘ziga xosligimizni unutmagan yurtdoshlarimiz ekanligini his qilasiz.

 

Muhtarama Komilova,

O‘zA