O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirliklari hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan “Toshkent-2023” II – Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumining ochilish marosimiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ishtirok etdi.

Inson va tabiat, iqlim o‘zgarishi, yashil makonlarni saqlab qolish, Orolni qayta tiklash mavzuidagi mazkur simpozium aholining ekologik madaniyati va atrof-muhit ob’ektlarini, tarixiy-madaniy meros obidalarini saqlash, ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga chorlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda qayd etilganidek, mamlakatimizda haykaltaroshlik simpoziumlarni o‘tkazish yaxshi an’anaga hamda muhim madaniy voqeaga aylanib bormoqda. Ushbu loyiha ikkinchi marotaba o‘tkazilayotgan bo‘lib, birinchi bor 2022 yil avgust oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Unda 7 nafar xorijiy va 5 nafar o‘zbek haykaltaroshlari ishtirok etgan edi.

Bugungi kunga kelib, ishtirokchilar safi kengayib bormoqda, bu safar loyihada 10 ta xorijiy va 11 nafar o‘zbekistonlik ijodkor ishtirok etmoqda.

Simpozium davomida mahobatli haykallar shaharning istirohat bog‘lari, dam olish zonalari, ko‘ngilochar va sayyohlik maskanlarida o‘rnatilib, shahar va uning me’morchiligiga estetik go‘zalik baxsh etadi.

Simpoziumda Ispaniya, Italiya, Turkiya, Eron, Belarus, Gruziya, Hindiston, Buyuk Britaniya, Argentina va Rossiya kabi davlatlardan mehmonlar tashrif buyuradi.

Simpozium davomida mahoratli va yosh haykaltaroshlar hamda barcha xohlovchilar uchun mahorat darslari tashkil etiladi.

 

Gulnoza Boboyeva,  

Davron Ernazarov,(surat)  

O‘zA