O‘zbekiston Respublikasi PrezidentiBirlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 may kuni mamlakatimizga tashrif buyurgan Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vazir shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayonni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida turli darajadagi aloqalar faollashgani, barcha sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama amaliy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, Amirliklar investorlarini mamlakatimizdagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga keng jalb etish, ularning faoliyatini tizimli ravishda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Bu borada neft-gaz, kimyo, qurilish, qishloq xo‘jaligi, logistika, turizm, shaharsozlik va boshqa qator sohalarda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.

O‘z navbatida, shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayonning yuksak hurmati va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda mehmon joriy yil mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada O‘zbekiston ilgari surgan tashabbuslar hamda Islom hamkorlik tashkiloti doirasida bildirgan takliflarni Amirliklar hukumati to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Shuningdek, shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon Birlashgan Arab Amirliklari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, jumladan, aniq istiqbolli investitsion loyihalarni hayotga to‘la tatbiq etishga tayyor ekanini qayd etdi.

 

O‘zA