Sport kurashlari bo‘yicha “Parij – 2024” yo‘llanmalari uchun bellashuvlar boshlanish arafasida. “Olimpiya chiptasi” uchun kechadigan shiddatli kurashlarda hamyurtlarimiz ham ishtirok etishga hozirlik ko‘rmoqda. To‘rt yillikning nufuzli musobaqasida qatnashishga da’vogarlik qiladiganlar orasida 18 nafar erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha terma jamoamiz a’zolari ham bor.
Shu kunlarda bir qator sport turlarida “Parij – 2024” Olimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalari hamda reyting ochkolari uchun chempionatlar, turnirlar, saralash musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 16-24 sentyabr kunlari Serbiya poytaxti Belgradda erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha o‘tkaziladigan jahon chempionati sport kurashlari vakillari uchun “Parij – 2024” yo‘lidagi uchta o‘tish musobaqasining dastlabki dovoni hisoblanishi bilan ahamiyatli bo‘ladi.
Xalqaro sport kurashlari federatsiyasi xabariga ko‘ra, Belgradda sport kurashlarining 3 ta yo‘nalishidagi 90 ta Olimpiya yo‘llanmasi o‘z egalarini topadi.
Mazkur jahon chempionatida oltin, kumush yoki bronza medallarini qo‘lga kiritgan kurashchilar “Parij – 2024” yo‘llanmasini naqd qilishsa, bronza medali uchun bahsda mag‘lub bo‘lganlar orasida ham “Olimpiya chiptasi”ni qo‘lga kiritish imkoni saqlab qolinadi.
Dunyo sport kurashi vakillari uchun Olimpiya yo‘llanmasiga ega chiqishning ikkinchi bosqichi qit’a saralash musobaqalari hisoblanib, O‘zbekiston sportchilari uchun ushbu imkoniyat kelgusi yilning 19-21 aprel kunlari Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda o‘tadigan Osiyo chempionatida taqdim etiladi. Qit’a Olimpiya saralash bosqichida birinchi va ikkinchi o‘rindan joy olganlar Parij Olimpiadasida Vatani sharafini himoya qilish huquqiga ega chiqadi.
Olimpiya o‘yinlari saralash jarayonining oxirgi bosqichi Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadi. Ushbu musobaqada kurashchilar Olimpiadaning oxirgi 54 ta yo‘llanmasi sohibi bo‘lish uchun maydonga chiqadi. Unda oltin, kumush va bronza medali uchun kechgan bahsda g‘olib chiqqanlar uchun “Parij – 2024” eshiklari ochiladi.
Xo‘sh, ushbu saralash bahslarida, jumladan, yana o‘n kundan keyin Serbiyada start oladigan jahon chempionatida O‘zbekiston sportchilari qanday tarkibda ishtirok etadi?
O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi xabariga ko‘ra, uchta yo‘nalishdagi terma jamoalarimiz ayni kunlarda Belgrad bahslariga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.
Terma jamoalarimiz murabbiylar kengashi jahon chempionatida ishtirok etadigan tarkiblarni musobaqa tashkiliy qo‘mitasiga taqdim etib bo‘lishdi.
Jahon chempionatida erkin kurashchilar 57, 65, 74, 86, 97 va 125 kilogrammda Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun kurashsa, 61, 70, 79 va 92 kilogrammda jahon chempionligi bellashuvlarida qatnashadi. Yo‘llangan talabnomalarga muvofiq, erkin kurashchilarimiz 6 ta olimpiya va 3 ta noolimpiya vazn toifalarida ishtirok etadi.
Ayollar kurashi vakillari 50, 53, 57, 62, 68 va 76 kilogrammda Olimpiya yo‘llanmalari uchun kurashsa, 55, 59, 65 hamda 72 kilogrammda faqat jahon chempionligi uchun maydonga chiqadi.Terma jamoamiz a’zolari 6 ta olimpiya va 1 ta noolimpiya yo‘nalishida ishtirok etishi belgilangan.
Yunon-rum kurashida 60, 67, 77, 87, 97 va 130 kilogramm vazn toifasida “Parij – 2024” yo‘llanmalari uchun bahslar o‘tkazilsa, 55, 63, 72 va 82 kilogrammda 2023 yilning eng kuchli sportchilari saralanadi. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 6 ta Olimpiya, 4 ta noolimpiya vaznlarida o‘z omadlarini sinab ko‘radi.
To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA